Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan “Karera kuni” tadbirlari doirasida Xitoy tili va madaniyati markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Markaz ochilishida universitet rahbariyati, hamkorlar Pekin Ipak yo‘li madaniyatni rivojlantirish kompaniyasi (Beijing Silk Road Culture Development Co., Ltd), Silk Road Innovatsiya va taraqqiyot instituti vakillari, universitetda ta’lim olayotgan xitoylik talaba va tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar markaz faoliyati bilan bog‘liq rejalar va kutilayotgan natijalar to‘g‘risida fikr bildirdi. Markaz nafaqat xitoy tilini o‘qitish, balki 200 dan oshiq Xitoy universitetlaridagi grant imkoniyatlari bilan tanishtirish, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish, xitoylik talabalarni jalb qilish, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan Xitoy kompaniyalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadidagi axborot markazi sifatida ham faoliyat ko‘rsatishi kutilmoqda.
[gallery-23051]
Hamkorlikning keyingi bosqichi esa universitet huzurida xitoy tilini baholovchi rasmiy HSK sertifikati test markazining ochilishi bo‘ladi. Test markazi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Xitoy hukumatining mablag‘lari jalb etiladi.
Har yili butun dunyo bo‘ylab 1 million nafardan ortiq talabgorlar HSK imtihonlarini topshiradi. HSK sertifikatlari O‘zbekistonda magistratura hamda doktoranturaga hujjat topshirishda talab etiladigan xorijiy tillarni bilish darajasini baholovchi xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatiga ham kiritilgan.
Buxoro davlat universiteti huzurida tashkil qilinadigan test markazi nafaqat Buxoro, balki qo‘shni viloyatlardan talabgorlar uchun ham xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.