Bugungi kunda oliy ta’lim tizimini zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining yutuqlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Jumladan, Namangan davlat texnika universitetida ilmiy va innovatsion rivojlanish borasida muhim qadam tashlanmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 22 oktyabrdagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida oliygohda “Sun’iy intellekt” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyiha Xitoy Xalq Respublikasining ilg‘or tajribasi asosida, “Huawei” kompaniyasi hamda “Asakabank” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Laboratoriya sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va innovatsion tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lib, talabalarning nazariya bilan amaliyotni uzviy bog‘lash imkonini beradi, yosh tadqiqotchilar va startap tashabbuslari uchun mustahkam ilmiy-amaliy maydon yaratadi.

Istiqbolli loyiha yuzasidan Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Zuhriddin Bahriddinov, viloyat hokimining raqamlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherzod Tursunov, viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hududiy boshqarmasi boshlig‘i Abdulahad G‘afforov, Namangan davlat texnika universiteti rektori, professor Oybek Ergashev laboratoriya joylashadigan manzilda o‘rganish va muvofiqlashtirish ishlarini olib bordi.

– Mazkur laboratoriya talabalarga nazariya bilan amaliyotni birlashtirish imkonini beradi. U yerda ular haqiqiy loyihalar ustida ishlash orqali o‘z ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Qolaversa, laboratoriya yosh tadqiqotchilar va startap tashabbuslari uchun mustahkam ilmiy-amaliy maydon bo‘ladi, – deydi oliygohning ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Shohruxmirzo Mahsudov. – Sun’iy intellekt sohasida erishilgan natijalar nafaqat universitet, balki butun mintaqaviy innovatsion ekotizimga katta hissa qo‘shadi. Asosiy maqsad raqamli iqtisodiyot uchun raqobatbardosh, malakali kadrlarni tayyorlash.
Darhaqiqat, yangi tashabbus nafaqat hududda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, balki talabalarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishini ta’minlaydi, ilmiy izlanishlar va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.