Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda Professorlar kengashi saylandi
19:16 / 2026-02-06

Toshkent davlat yuridik universitetida universitet boshqaruvida akademik hamjamiyat ishtirokini tubdan kuchaytirishga qaratilgan muhim jarayon — Professorlar kengashiga saylov bo‘lib o‘tdi.

Mazkur saylov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 26 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. U oliy ta’lim tizimida boshqaruvning ochiq, shaffof va kollegial modelini joriy etishga qaratilgan izchil islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Farmonga muvofiq, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari orasida ilk bor Professorlar kengashi aynan Toshkent davlat yuridik universitetida tashkil etildi.

Professorlar kengashining joriy etilishi universitetni boshqarishda faqat ma’muriy mexanizmlarga tayanishdan voz kechib, akademik fikr, ilmiy tajriba va professor-o‘qituvchilarning mas’uliyatli pozitsiyasini qarorlar qabul qilish jarayoniga faol jalb etishni nazarda tutadi. Bugungi kunda oliy ta’lim sifatini oshirish, ilm-fanni rivojlantirish, akademik erkinlik va halollikni ta’minlash masalalari professor-o‘qituvchilarning bevosita ishtirokisiz samarali hal etilishi qiyin ekani yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

[gallery-27519]

Saylov jarayoni demokratik tamoyillar asosida tashkil etildi. Universitet kafedralarining professor-o‘qituvchilari hamda tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari o‘z vakillari orqali Professorlar kengashi a’zolarini sayladi. Bu esa akademik hamjamiyatning universitet boshqaruvidagi ishtirokini formal emas, balki real va amaliy mazmun bilan to‘ldirishga xizmat qiladi.

Professorlar kengashiga bir qator muhim vakolatlar yuklatilgan. Jumladan, Kengash universitetning o‘rta va uzoq muddatli strategik rivojlanish dasturlarini tasdiqlaydi, ilmiy-tadqiqot faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi, akademik halollik va tadqiqot etikasi standartlarini qabul qiladi hamda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni egallashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqadi. Bu esa Professorlar kengashini shunchaki maslahat beruvchi tuzilma emas, balki universitetning akademik siyosatini shakllantiruvchi muhim boshqaruv sub’ekti sifatida namoyon etadi.

Xalqaro tajribaga nazar tashlansa, AQSH, Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarining yetakchi universitetlarida professorlar kengashlari yoki akademik senatlar oliy ta’lim muassasalari boshqaruv tizimida markaziy o‘rin tutadi. Toshkent davlat yuridik universitetida Professorlar kengashining tashkil etilishi ana shu ilg‘or amaliyotlarni milliy oliy ta’lim tizimiga moslashtirishga qaratilgan muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu saylov jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan oliy ta’lim tashkilotlarining akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish va ilmiy faoliyat erkinligi tamoyillarining amaliy ifodasidir. Jarayon universitet taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berib, uni zamonaviy, raqobatbardosh va xalqaro standartlarga mos akademik muassasa sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Kamola Yusupova, Asliddin ALIJONOV (surat), O‘zA