Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida 21 oktyabr — O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.Unda universitetning professor-o‘qituvchilari va talabalari ishtirok etishdi.
Bayram tadbirida universitet rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi O.Duysenbayev, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati T. Romanov va boshqalar so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ sana bilan qutlashdi. O‘zbek tilining boy tarixi, uning madaniyatimiz va milliy qadriyatlarimizni saqlashdagi beqiyos ahamiyati haqida so‘z yuritishdi. Shuningdek, davlat tili nafaqat muloqot vositasi, balki xalqimizning ma’naviy boyligi, mustaqilligimiz va milliy birligimiz timsoli ekanini ta’kidlashdi. O‘zbek tilining davlat tili sifatida jamiyat hayotida tutgan o‘rni, til siyosatini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodni ona tiliga muhabbat ruhida tarbiyalash borasida qilinayotgan sa’y-harakatlarga alohida e’tibor qaratishdi. Shu bilan birga, bugungi kunda davlat tilining nufuzi yildan-yilga ortib borayotganini, tilga hurmat millatga hurmat ekanini aytib o‘tishdi.


Tadbirda universitetning iqtidorli talabalari ishtirokida qo‘shiqlar yangradi, sahna ko‘rinishlari, musiqiy chiqishlar namoyish etildi. O‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishidagi yosh ijodkorlarning chiqishlari tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.

Bayram tadbiri yakunida oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Ommaviy diktant” tanlovi g‘oliblari taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri