Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda – “Oq xalatli qahramonlar”
16:47 / 2022-07-25

Samarqand davlat tibbiyot universitetida COVID-19 pandemiyasi davrida xalqimiz salomatligi yo‘lida jonini fido qilgan tibbiyot xodimlari sharafiga memorial majmua ochildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda ishtirok etgan Sog‘liqni saqlash vaziri B.Musayev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda tibbiyot xodimlari astoydil mehnat qilib, qahramonlik ko‘rsatgani, xalqimiz salomatligi yo‘lida jonini ham ayamaganini e’tirof etdi. Bunday hamkasblar xotirasi xalqimiz va soha xodimlari uchun hamisha azizligi ta’kidlandi.

– “Oq xalatli qahramonlar” deb nomlangan ushbu xotira barelefi pandemiya davrida xalqimizga beminnat xizmat ko‘rsatgan va bu yo‘lda jonini fido qilgan hamkasblarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizning bir ifodasi, – deydi Samarqand davlat universiteti rektori Jasur Rizayev. – Qolaversa, sohaga endi kirib kelayotgan yoshlarimiz, talabalar uchun o‘ziga xos motivatsiya va tibbiyot xodimlarining mehnatlari hamisha e’tiborda ekanligining namunasi hisoblanadi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand viloyatida shu paytgacha kovid infeksiyasiga qarshi kurashish, ushbu xastalikka chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga to‘rt ming nafarga yaqin tibbiyot xodimi jalb qilingan. Afsuski, o‘tgan davr mobaynida 16 nafar oq xalat sohiblari mazkur xastalik sababli vafot etgan.

Tadbir ishtirokchilari Samarqand davlat tibbiyot universitetining yangi binosidagi fundamental tibbiyot kafedralari, o‘quv-amaliy laboratoriyalar, talabalar innovatsion-inkubator markazi imkoniyatlari hamda universitet tarixi muzeyi bilan yaqindan tanishib, bu yerda talabalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlarni yuqori baholadi.

G‘.HASANOV, O‘zA