Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi
19:27 / 2023-12-06

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida 9 dekabr – 9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan e’lon qilingan oylik doirasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Sud organlari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, siyosiy partiyalar va bir qator nodavlat-notijorat tashkilotlari mas’ullari va OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda so‘zga chiqqanlar oliy ta’lim muassasasi faoliyati, korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlar, odil sudlovni amalga oshirish borasidagi ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
Bugungi kunda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti yurtimiz konchilik sohasi uchun malakali mutaxassislar yetkazib berayotgan yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biridir.

1963 yilda Toshkent politexnika institutining kechki o‘quv maslahat punkti sifatida faoliyat boshlagan oliy o‘quv yurtiga 2022 yil 31 martdagi “Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga asosan universitet maqomi berildi. Hozir universitetda 9 mingdan ziyod talabaga 300 nafarga yaqin pedagog ta’lim beradi. 

Universitetda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish maqsadida 2021 yilda “Komplayens-nazorat” tizimi joriy etilgan. “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan universitet ichki xususiyatlari inobatga olinib, 16 ta ichki me’yoriy hujjat ishlab chiqilgan. 

[gallery-14933]

– Universitetda barcha xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bo‘yicha majburiyat ham kiritilgan, – deydi bo‘lim boshlig‘i Ahmad Safarov. – Yangi ishga qabul qilinayotganlar va faoliyat olib borayotgan barcha xodimlar, professor-o‘qituvchilar “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun, Odob-axloq kodeksi, Ichki tartib-qoidalar, o‘z lavozim yo‘riqnomalariga qat’iy rioya qilishi, korrupsion holatlarni yuzaga keltirmasliklari to‘g‘risida ogohlantirilgan. O‘quv jarayonida “Hemis” tizimi, Ilmiy faoliyatda – “Antiplagiat” dasturi orqali magistrlik va doktorlik dissertatsiyalarning tekshirilishi, davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qitishning “kredit-modul” tizimiga o‘tishi natijasida jurnal va reyting daftarchalari bevosita elektron shaklga o‘tkazilishi, moliyaviy boshqaruv va statistikada “UzASBO” dasturiy majmuasidan masofadan turib foydalanilmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplayens nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi tomonidan universitetda korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida o‘qish jarayonida, joriy, oraliq va yakuniy nazorat, magistrlik dissertatsiyasi, yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy ishi topshirayotgan talabalar (guruh sardorlari) bilan profilaktik suhbatlar o‘tkaziladi. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar korrupsiya holatlari bilan to‘qnash kelganligi bo‘yicha tunu kun xabar qilish imkoniyatini beruvchi telegramm ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy bot – “@NDKTU_REKTOR_BOT” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Tadbir so‘nggida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi va Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti o‘rtasida memorandum imzolanib, Korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari taqdirlandi.

Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari