Buxoro davlat universitetida abituriyentlar, maktab va akademik litsey bitiruvchilari hamda ularning ota-onalari uchun an’anaviy tarzda tashkil etiladigan “Ochiq eshiklar kuni – 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir yoshlarga oliy ta’lim muassasasining faoliyati, ta’lim yo‘nalishlari va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatini berdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar universitetning o‘quv binolari, zamonaviy laboratoriyalari, axborot-resurs markazi, sport va madaniy infratuzilmalari bilan tanishdilar. Shuningdek, universitetda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayoni, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik dasturlari hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Fakultetlar bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotlarda professor-o‘qituvchilar tomonidan ta’lim jarayonining o‘ziga xos jihatlari, kredit-modul tizimi asosida o‘qitish, amaliy mashg‘ulotlar va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlari haqida tushuntirishlar berildi. Abituriyentlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita mutaxassislardan javob olish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu esa tadbirning yanada mazmunli va samarali o‘tishiga xizmat qildi.
[gallery-28014]
“Ochiq eshiklar kuni – 2026” doirasida universitet rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov abituriyentlar, maktab va akademik litsey bitiruvchilari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv davomida rektor universitetning bugungi nufuzi, ta’lim sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud ta’lim yo‘nalishlari hamda talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumot berdi.
– Bizning asosiy maqsadimiz nafaqat diplomli mutaxassislarni, balki zamonaviy mehnat bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘la oladigan, raqobatbardosh va tashabbuskor kadrlarni tayyorlashdan iborat. Universitetimiz eshiklari bilimga chanqoq, izlanuvchan va yangilikka intiluvchan har bir yosh uchun doimo ochiq, – deya ta’kidladi Obidjon Hamidov.
Muloqot davomida yoshlar universitet hayoti, ta’lim jarayoni, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollariga bevosita rektordan javob oldilar. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan 2026-2027 o‘quv yili uchun qabul tartibi, yangi kvotalar, fanlar majmuasi, test sinovlari hamda abituriyentlarga taqdim etiladigan imtiyozlar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar universitet muhiti bilan yaqindan tanishish, professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qilish va o‘z kelajak kasbini tanlash borasida muhim ma’lumotlarga ega bo‘lganliklarini ta’kidladilar. “Ochiq eshiklar kuni – 2026” yoshlar uchun to‘g‘ri kasb tanlashga yo‘l ko‘rsatuvchi, ochiq va samimiy muloqot maydoniga aylandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri