Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda “Karera kuni”
16:25 / 2024-01-18

Buxoro davlat universitetida Karera markazi va Buxoro shahar Bandlikka ko‘maklashish markazi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi o‘tkazildi.

“Karera kuni – 2024” doirasida o‘tkazilgan tadbirda o‘qishni tamomlab, bugungi kunga qadar ish bilan band bo‘lmagan bitiruvchilar, joriy o‘quv yili bitiruvchilari hamda ayni damda o‘qishdan tashqari bo‘sh vaqtlarida ishlash istagida bo‘lgan talaba-yoshlarga 50 dan ortiq korxona va tashkilotlar o‘zlaridagi mingdan ziyod bo‘sh ish o‘rnini taklif etdi.

Tadbirda talabalar va bitiruvchilar ishga joylashish borasida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob topdi. Ish beruvchi korxona yoki tashkilotdagi mavjud vakant o‘rinlar, u yerdagi mehnat va maishiy-madaniy shart-sharoitlar, ish haqi miqdorlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdi.  

Tadbirda qatnashgan korxona va tashkilotlar ham talabalar bilan bevosita suhbat o‘tkazish, o‘zlariga zarur bo‘lgan kadrlarni ishga tanlab olish va o‘zaro manfaatli shartnomalar va kelishuvlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

[gallery-15528]

–“Karera kuni” mehnat yarmarkasini o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda, –deydi universitet birinchi prorektori Azizbek Amonov. –Yosh mutaxassislarga ish beruvchi korxona va tashkilotlar faoliyati to‘liq aks ettirilgan ko‘rgazmali jihozlar hamda boshqa ma’lumotlarning taqdim etilishi juda yaxshi natija beryapti. Universitet bitiruvchilari bu kabi ma’lumotlar asosida o‘zlariga ma’qul bo‘lgan ishni tanlash bilan birga, o‘z kelajagini belgilamoqda. Bevosita ertangi hayoti bog‘liq bo‘lgan jamoa bilan yaqin muloqot o‘rnatyapti.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat)

O‘zA muxbirlar