Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti huzurida jamoatchilik kengashi tashkil etildi.
Kengash jamoatchilik asosida universitet faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, jamoatchilik fikrini tizimli tahlil qilish, sog‘lom va samarali ishchanlik muhitini rivojlantirish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari vakillaridan shakllantirilgan kengashning ilk yig‘ilishida shu haqda atroflicha so‘z yuritildi. Faoliyatida xolislik, ochiqlik va jamoatchilik manfaatlarining ustuvorligi asosiy tamoyil sifatida belgilangani va vazifalari to‘g‘risida fikr almashildi.

Prezidentimizning 2024-yil 18-iyuldagi “Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan mazkur oliy ta’lim muassasasida bugungi kunda Surxondaryo viloyati iqtisodiyotining turli tarmoqlari, jumladan, ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar sohalari uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. Ayni paytda universitetda 50 dan ortiq bakalavriat hamda qariyb 30 ta magistratura yo‘nalishida o‘n mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ularga barcha zamonaviy sharoitlar yaratilgan o‘quv dargohida 360 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi ta’lim bermoqda. Shuningdek, oliygohda Eron, Afg‘oniston, Bangladesh, Tojikiston kabi xorijiy davlatlardan kelgan talabalar ham tahsil olayotir.

Yig‘ilishda kengash a’zolari safidan universitet rektori tavsiyasiga asosan rais va o‘rinbosari saylandi. Nizomi tasdiqlandi. Faoliyat yo‘nalishlari, ish tartibi, maqsad va vazifalari belgilab olindi.

Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi viloyat bo‘limi rahbari, kengash a’zosi Zebuniso Alimardonovaning jamoatchilik nazorati to‘g‘risidagi qonunchilikka bag‘ishlangan taqdimoti bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA