Navoiy davlat universitetida professor-o‘qituvchilar hamda pedagog xodimlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ularni xalqaro ilmiy maydonga keng jalb etish va Scopus hamda Web of Science kabi nufuzli xalqaro ma’lumotlar bazalarida ilmiy maqolalar chop etish ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida seminar-treninglar tashkil etildi.
Seminar-treninglarda universitetda olib borilayotgan ilmiy va innovatsion faoliyatni yanada takomillashtirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning xalqaro ilmiy jurnallardagi faolligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Tadbir davomida Scopus va Web of Science ma’lumotlar bazalariga kiritilgan ilmiy jurnallarning talablari, ilmiy maqola tayyorlash bosqichlari, nashr jarayonida uchraydigan muammolar hamda ularni bartaraf etish yo‘llari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi, – deydi universitetning Ilmiy jurnallar va xalqaro ilmiy nashrlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Azamat Norbekov. – Shuningdek, ilmiy maqolalarning iqtibos ko‘rsatkichlarini oshirish, nashrlar sifati va dolzarbligini ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, seminar-treninglarda talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish, ularning ilmiy salohiyatini oshirish, start-up loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish, shu bilan birga davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida o‘tkaziladigan ilmiy-tadqiqot loyihalari tanlovlarida ishtirok etish tartibiga alohida e’tibor qaratildi. Tadbir jarayonida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, ta’lim, fan hamda amaliyot o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, talaba va yosh tadqiqotchilar uchun innovatsion, amaliy loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur seminar-treninglar Navoiy davlat universitetida ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, xalqaro ilmiy maydonda universitet nufuzini oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va yosh tadqiqotchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri