English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda “Hosil bayrami”
16:34 / 2025-12-04

Qo‘qon nodavlat universiteti Andijon filialida “Hosil bayrami” tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Xalqimizning o‘ziga xos qadriyatlari, dehqonlarning yil davomida qilgan mehnatlari samarasi namoyishi hamda dehqonchilik an’analarini ulug‘lovchi bayram tadbirida universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirokida rang-barang dasturlar tashkil etildi.  

–Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni mehnatsevarlik, halollik, yerga va tabiat ne’matlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish, milliy an’analarga hurmat ruhida tarbiyalashdir, – deydi filial prorektori Botirjon Ahmedov. – Qolaversa, bayram doirasidagi tadbirlar orqali talaba yoshlarning ijodkorlik, jamoaviy fikrlash va faolligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.  

Universitet hovlisida 30 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining arzonlashtirilgan yarmarkasi tashkil etildi. Bu orqali o‘qituvchi, talaba va tadbir mehmonlariga arzon narxlarda sifatli, sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taqdim etildi.  

Fakultetlar tomonidan tayyorlangan hosil bayrami ko‘rgazmalari tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Meva-sabzavotlar, don mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi ne’matlaridan tashkil etilgan badiiy kompozitsiyalar tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Shuningdek, “Eng mazali osh tayyorlash” tanlovi o‘tkazildi. Ustozlar va talaba-yoshlar tomonidan tayyorlangan taomlar mazasi, bezatilishi ularning jamoaviy ishlash mezonlari asosida baholandi. Milliy sport o‘yini– arqon tortish, qiziqarli viktorina, zukkolik bellashuvida talabalar o‘zlarining bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazdi.  

Tadbir davomida talabalar tomonidan namoyish etilgan badiiy dastur – ijro etilgan sho‘x kuy, qo‘shiq va raqslar ishtirokchilarga ko‘tarinki va bayramona kayfiyat ulashdi. Iqtidorli talaba- yoshlar tayyorlagan sahna ko‘rinishlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.  

Yakunda “Hosil bayrami” tadbirlarining faol ishtirokchilari, o‘tkazilgan tanlov va bellashuvlar g‘oliblari rag‘batlantirildi.  

Ushbu tadbir talabalar ma’naviyatini yuksaltirishga, ularning qalbida milliy qadriyatlarimizga, ona tabiat, tabiat ne’matlariga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.  

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari