Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitetda bahoriy qadriyatlar tarannumi
10:21 / 2025-02-25

Prezidentimizning “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori Namangan davlat universiteti jamoasini bahor fasli arafasida g‘oyat ruhlantirdi.

Mazkur hujjatda belgilanganidek, Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada nishonlashga oid vazifalarga kirishgan holda, oliygohning tibbiyot fakultetida “Sumalak sayli” tashkil etildi. Erta tongdan fakultet hovlisida professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirokida sumalak sayli boshlandi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan milliy qadriyatlar, urf-odat va an’analarimizni asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish shu kunning muhim vazifasi ekanligi ta’kidlanib, sumalak sayli jamoa o‘rtasidagi iliq munosabatlarni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shishi e’tirof etildi. O‘z navbatida, fakultet jamoasining faol vakillari va bir guruh tashabbuskor talabalar tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

Doshqozon atrofida yangragan kuy-qo‘shiqlar, samimiy tilaklar va quvnoq raqslardan dillar yayradi. Bahorning eng totli ne’mati sumalak tayyor bo‘lgach, dasturxon yozilib, sayl qatnashchilariga sumalak ulashildi. Dasturxonlarga sumalak bilan birga palov ham tortildi. Talaba-qizlar tayyorlagan bir-biridan mazali bahoriy taomlar esa ko‘klam sog‘inchi va sevinchini yanada kuchaytirdi. “Sumalak sayli”da talaba-yoshlar turli millatlarning kuy-qo‘shiq va raqslarini ijro etdi. Ayniqsa, o‘zbek, qirg‘iz va hind tillaridagi qo‘shiq va raqslar yoshlarning inoqligini yanada mustahkamlanishiga zamin yaratdi. 

“Sumalak sayli” universitetning boshqa fakultetlarida ham davom etmoqda. Bahoriy shukuh, samimiylik va birdamlik ruhida o‘tayotgan tadbirlar qalblarda o‘zgacha taassurotlar qoldirib, milliy an’analarimizning yorqin namoyishiga aylanmoqda. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA