Davlatimiz rahbari raisligida 2024-yilda ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, malakali mutaxassislar tayyorlash, texnikum va oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlash, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish borasida oliy o‘quv yurtlari zimmasiga qator vazifalar yuklandi.
Davlatimiz rahbari tomonidan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Qarshi davlat universiteti rektori D.Nabiyev boshchiligida oliy o‘quv yurti professor-o‘qituvchilari viloyatdagi Koson, Kasbi va Muborak tumanlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablarga borishdi.
Muloqotlarda maktablarda o‘qitiladigan aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar uzviyligini universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida ham ta’minlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Jumladan, rektorning so‘ziga ko‘ra, maktab va oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilaridan iborat ishchi guruh tuzilib, universitetda o‘qitiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari (matematika, fizika, kimyo, biologiya va xorijiy tillar), shuningdek, universitet akademik litseyining o‘quv reja va dasturlari ixtisoslashtirilgan maktablarning o‘quv reja va dasturlariga muvofiqlashtiriladi. Yangilangan dasturlar esa 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab universitetda joriy qilinadi. Universitetning mutaxassislik tayyorlaydigan kafedra o‘qituvchilari maktablarga biriktiriladi.
Shuningdek, tadbirda Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili qabulidan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilariga kimyo, biologiya, fizika, matematika va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlaydigan davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlar haqida ham so‘z bordi. D.Nabiyevning qayd etishicha, ushbu maktablarning iqtidorli bitiruvchilarini universitetga jalb qilish asnosida ularning bakalavriat va magistraturada tahsil olishi ta’minlanadi.
Muloqotlar jarayonida hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi. Maktablarning iqtidorli o‘quvchilari bilan ham uchrashuv tashkil qilindi. “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida maktab o‘quvchilari oliy ta’lim muassasasiga taklif etildi. Maktablarga kitoblar to‘plami sovg‘a qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri