Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti “Tashabbusli byudjet” mablag‘i evaziga “Qurilish muhandisligi” yo‘nalishi uchun zamonaviy laboratoriya markazi tashkil etdi. Oliy ta’lim muassasasi taqdim etgan loyiha g‘olib, deb topilgach, yangi markazni barpo etish uchun 1,5 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
Keyingi yillarda yirik bunyodkorlik maydoniga aylangan mamlakatimizda qurilish sohasida sifat va samaradorlikka alohida ahamiyat berilmoqda. Bu e’tibor oliy ta’lim muassasasida soha sirlarini o‘rganayotgan bo‘lg‘usi muhandislarga chuqur bilim berib, yetuk malakali mutaxassislar tayyorlashga talabni oshirdi. Yangi markazdagi jihozlar nafaqat zamonaviy, balki qurilish sanoatida chuqur qo‘llaniladigan texnika va uskunalardan iborat bo‘lib, endilikda talabalar o‘z bilim va ko‘nikmalarini amaliyotda sinashi, sohani yanada puxta o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.


Laboratoriyada beton, armatura, asfalt va bitum kabi qurilish materiallari sifatli tekshiriladi. Yo‘l qurilishi uchun maxsus uskunalar hamda energiya samaradorligi va temir-beton konstruksiyalarining sifat tekshiruvi uchun zamonaviy testlar o‘tkaziladi.


Yangi laboratoriyaning ochilishi professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini yangi bosqichga ko‘tarib, raqobatbardosh muhandislarni tayyorlashi va soha bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qulay muhit yaratdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri