Buxoroda joriy yilning 14-20 oktyabr kunlari Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) shafeligida va O‘zbekiston voleybol federatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan talabalar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionati yakunlandi.
Shahardagi “Universal” sport majmuasi zalida tashkil etilgan nufuzli musobaqada mamlakatimiz va Markaziy Osiyoning eng kuchli 16 jamoasi g‘oliblik uchun kurashdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, qizlar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsda Buxoro davlat universiteti jamoasi Turkmaniston terma jamoasi ustidan g‘alabaga erishdi. Uchinchi o‘rinni esa Urganch davlat universiteti jamoasi egalladi.
Yigitlar o‘rtasidagi bellashuvlarda ham Buxoro davlat universiteti vakillari o‘z ustunligini yana bir bor namoyish etdi. Turkmaniston jamoasi ikkinchi, Qashqadaryo viloyatining Xalqaro innovatsion universiteti jamoasi esa uchinchi o‘rinni band etdi.

Taqdirlash marosimida g‘oliblarga esdalik sovg‘alari, diplom va kubok topshirildi.
Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.