O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayrami arafasida atrof‑muhitni asrab‑avaylash va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida yurtimizda o‘tkazilgan umumxalq xayriya hasharida Andijon davlat universiteti jamoasi ham faol ishtirok etmoqda.
– Hashar xalqimizning qadim va o‘ziga xos qadriyatlaridan biri, – deydi Andijon davlat universiteti rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev. – Shu bois ham hasharda jamoamizning juda ko‘p a’zolari faol ishtirok etdi. Hasharda bayram tantanalariga munosib hozirlik ko‘rish, hududlarni obodonlashtirish, yurtdoshlarimiz o‘rtasidagi hamjihatlik, mehr-muruvvatga muhtoj kishilarga ko‘mak berish, yurtni obod qilishdek ezgu sa’y-harakatlar o‘z ifodasini topmoqda.
Ana shu xayrli jarayondan universitet professor-o‘qituvchilari, ishchi va mutaxassislari ham chetda qolgani yo‘q. Hasharning birinchi kunida universitet hududidagi 800 dan ortiq daraxtlarga shakl berildi, oqlandi. Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari davomida to‘plangan chiqindilar belgilangan joylarga chiqarib tashlandi, 2 ming kvadrat-metr maydondagi ekin yerlari tartibga keltirildi, gullar begona o‘tlardan tozalandi.
[gallery-24906]
Ikki kun davom etadigan umumxalq xayriya hasharida binolar, ularning atroflari tozalandi, daraxtlarga shakl berilib, oqlandi, universitet hududi to‘la tartibga keltirildi.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va ona tabiatni asrab-avaylash maqsadida o‘zaro hamjihatlik, ahillik, ko‘tarinki kayfiyat va yuqori uyushqoqlik bilan o‘tayotgan hashar jamoani yanada jipslashtirmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari