French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universitet filiali quyosh elektr stansiyasi ishlab chiqargan elektr energiyadan foydalanadi
20:03 / 2021-02-20

Quyosh stansiyasining o‘rnatilgan maydoni 1 200 kvadrat metr bo‘lib, har birining quvvati 350 Vt bo‘lgan 288 dona respublikamizda ishlab chiqilgan quyosh panelidan iborat.

Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, shu jumladan, quyosh energiyasidan foydalanishga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortib bormoqda. Xususan, oxirgi uch yilda ushbu sohani rivojlantirish uchun o‘nga yaqin qaror va O‘zbekiston Respublikasining “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

D.I.Mendeleyev nomidagi Rossiya kimyo-texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filialiga akkumulyatorsiz 100 kVt quvvatdagi tarmoq quyosh elektr stansiyasi, universitetning yotoqxonasi va binolarning issiq suv ta’minoti uchun esa quyosh suv isitgichlari o‘rnatildi. Universitet hovlisi avtonom quyosh yoritgichlari yordamida to‘liq yoritilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, universitetda nafaqat energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanilgan, balki tejamkorlik bilan foydalaniladigan energiya ham qayta tiklanuvchi quyosh energiyasi yordamida ishlab chiqarilmoqda.

Ushbu quyosh elektr stansiyasining afzalligi shundaki, kunning kunduzgi vaqtida quyosh panellari yordamida ishlab chiqilgan elektr energiya universitet foydalanayotgan ichki elektr tarmog‘iga parallel ravishda qo‘shiladi. Buning natijasida quyosh elektr stansiyasi ishlab chiqqan elektr energiyasi miqdoricha quvvat hududiy elektr tarmoqlaridan olinishi kamayadi.

Ahamiyatlisi, dam olish kunlari hamda talabalarning yozgi ta’til vaqtida universitetda quyosh stansiyasi yordamida ishlab chiqilgan energiyaga ehtiyoj bo‘lmasa, elektr energiyasi hududiy elektr tarmoqlariga belgilangan ta’rifda sotiladi.

Quyosh stansiyasining o‘rnatilgan maydoni 1 200 kvadrat metr bo‘lib, har birining quvvati 350 Vt bo‘lgan 288 dona respublikamizda ishlab chiqilgan quyosh panelidan iborat.

Stansiyaning bir yilda o‘rtacha ishlab chiqadigan elektr energiyasi miqdori 220 ming kVt soat, 25 yildan ko‘p ishlash vaqtida esa stansiya 5 million kVt soatdan ortiq elektr energiya ishlab chiqaradi.

Quyosh stansiyasiga sarflangan mablag‘ning 25 yillik ishlab chiqarilgan elektr energiyasiga nisbatini oladigan bo‘lsak, mazkur elektr stansiyasi ishlab chiqargan 1 kVt soat elektr energiyasining narxi 157 so‘mni tashkil qiladi.

Ushbu stansiyaga “SUN-HIGHTECH” korxonasi 7 yil kafolat beradi, bu muddatda esa quyosh stansiyasi o‘ziga sarflangan mablag‘ni to‘liq qaytaradi. “SUN-HIGHTECH” korxonasi Yunusobod kichik sanoat zonasida 2021 yilda 100 MVt quvvatdagi quyosh panellarini ishlab chiqaruvchi zamonaviy ishlab chiqarish liniyasini o‘rnatish orqali, keyingi yillarda o‘rnatiladigan quyosh stansiyalarining o‘zini oqlash muddatini besh yilgacha kamaytirishni maqsad qilgan.

Ushbu quyosh elektr stansiyasida respublikamizda ilk bor kunlik, oylik va yillik ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdorini onlayn, mobil ilova yoki sayt orqali kuzatib borish imkonini beruvchi tizim o‘rnatilgan.

Universitetga har birining hajmi 200 litrdan iborat, umumiy hajmi 7 ming litr bo‘lgan respublikamizda ishlab chiqarilgan quyosh suv isitgichlari o‘rnatilgan.

Quyosh suv isitgichlari yil davomida 2 million litrdan ortiq issiq suv ishlab chiqarsa, butun ishlash vaqti davomida qariyb 100 ming metr kubdan ortiq tabiiy gazni iqtisod qiladi. Ushbu quyosh suv isitgichlari tabiiy besh yilga qolmasdan o‘ziga sarflangan mablag‘ni to‘liq qaytaradi.

Yil sayin ortib borayotgan elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida mamlakatimizda mavjud elektr stansiyalarining elektr bloklari modernizatsiya qilinmoqda, bundan tashqari, yangi elektr stansiyalari ishga tushirilmoqda.  

Shunga qaramay, yuritmizda ba’zi vaqtlarda elektr energiyasi yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Mamlakatimizda mavjud binolarning millionlab kvadrat bo‘sh turgan tomidan oqilona foydalanilsa, respublika energetika tizimiga yuzlab megavat yangi elektr stansiyalarini qo‘shish mumkin.

Yuqoridagi kabi quyosh stansiyalarining ortib borishi esa hududiy elektr tarmoqlarida va transformator punktlarida elektr yuklamasining kamayishiga, iqtisod qilingan elektr energiyasi esa boshqa iste’molchilarni ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlanishiga, transformator punktlarida yuklamalarning kamayishi natijasida ularga ko‘rsatiladigan ekspluatatsion xarajatlarning kamayishiga, elektr tarmoqlarida yuzaga keladigan yo‘qotishlarning kamayishiga va eng asosiysi, quyosh elektr stansiyalari o‘rnatiladigan induvidual ob’ektlarda elektr energiyasiga bo‘lgan xarajatlarning bir necha barobar kamayishiga, issiqlik elektr stansiyalarida yoqiladigan ko‘mir va tabiiy gazni tejashga olib keladi.

Katta quvvatdagi elektr energiyasi iste’mol qiladigan klasterlar, sanoat korxonalari, tekstil fabrikalari, sanoat miqyosidagi muzlatgichlar va boshqa tadbirkorlik sub’etklarida bunday quyosh stansiyalarining o‘rnatilishi mahsulot tannarxining tushishiga olib keladi. Bundan tashqari, kichik va o‘rta quvvatdagi quyosh elektr stansiyalarining ommaviy o‘rnatilishi o‘n minglab yangi ish o‘rinlarini yaratadi.

Mirzoferuz NIGMATOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi departamenti mutaxassisi.

O‘zA.