Guliston davlat universiteti Tibbiyot fakulteti Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) qoshidagi World Directory of Medical Schools — “Dunyo tibbiyot maktablari ro‘yxati”dan munosib o‘rin oldi.
Bu muhim voqea Sirdaryoda yaratilgan tibbiyot ta’limi tizimi nafaqat milliy, balki xalqaro mezonlarga ham javob berayotganini anglatadi. Shu bilan birga, u talaba va professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, fakultet nufuzini yanada oshiradi.

Ma’lumki, mazkur ro‘yxatga kiritilgan tibbiyot fakultetlarining diplom va o‘quv dasturlari dunyo miqyosida e’tirof etiladi. Demak, endilikda Guliston davlat universiteti Tibbiyot fakulteti bitiruvchilari xorijda tahsilni davom ettirish, nufuzli ilmiy-tadqiqot markazlarida izlanish olib borish yoki yirik klinikalarda faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Fakultetda xalqaro standartlarga mos o‘quv dasturlari, ilg‘or pedagogik texnologiyalar va amaliy mashg‘ulotlarga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xalqaro tajribaga ega professor-o‘qituvchilar jalb etilgan, zamonaviy laboratoriyalar va simulyatsiya markazlari faoliyat yuritmoqda.

– Bu yutuq nafaqat universitetimiz, balki butun viloyatimiz ilmiy-ta’lim salohiyatini oshiradi. Bitiruvchilarimiz dunyo miqyosida raqobatbardosh bo‘lishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda, – dedi fakultet dekani Farhod Shernazarov.
Mazkur yutuq Sirdaryoda tibbiyot sohasi kadrlarini tayyorlashda yangi bosqichni boshlab berishi, yoshlarimizning xalqaro maydondagi yuksak muvaffaqiyatlariga zamin yaratishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri