Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Universiada mash’alasi Farg‘onaga yo‘l oldi
15:45 / 2016-05-25

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutida “Universiada – 2016” sport musobaqalari mash’alasini alanga oldirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi “Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutida “Universiada – 2016” sport musobaqalari mash’alasini alanga oldirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi joriy etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari Olimpiya o‘yinlariga qiyoslanib mash’ala yoqish marosimi bilan boshlanishida ulkan ramziy ma’no bor. Chunki sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlarning qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishdek oliy maqsadini ro‘yobga chiqarishda mazkur sport musobaqalarining ahamiyati katta.

O‘tgan yillardagi Universiada musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, katta sportga qadam qo‘ygan ko‘plab yoshlarimiz o‘z g‘alabalari bilan mamlakatimizning jahon maydonidagi obro‘-e’tibori yanada yuksalishiga hissa qo‘shayotir.

...Maydonga tantanali musiqa sadolari ostida mashhur sportchilarimiz, “Universiada – 2016” sport musobaqalari ishtirokchilari va ularning izdoshlari – o‘quvchi-yoshlar kirib keladi.

Davlatimiz madhiyasi yangraydi.

Mamlakatimiz yoshlari yuragidagi jo‘shqinlikni, qalbidagi shijoatni o‘zida aks ettiruvchi “Universiada – 2016” mash’alasini 2012-yili Londonda o‘tgan Paralimpiya o‘yinlari sovrindori dzyudochi Sharif Xalilov o‘t oldirib, maydonga olib kiradi. U mash’alani 2016-yili Janubiy Koreyaning Chonju shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha Osiyo saralash musobaqasida g‘olib chiqib, XXXI Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan iste’dodli sportchimiz Shahboz Xolmirzayevga tantanali ravishda topshiradi.

– Serquyosh yurtimiz oftobining zarrin nurlarini o‘ziga singdirgan ushbu mash’ala orzu-umidlarimiz, kelgusi muvaffaqiyatlarimiz mayog‘idir, – deydi Sh.Xolmirzayev. – “Universiada – 2016” sport o‘yinlarida ishtirok etayotgan talabalarimiz Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlarida yuksak marralarni egallashiga, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlashiga ishonchimiz komil.

Mash’ala Farg‘ona viloyati sari yo‘l oladi.

“Universiada – 2016” mash’alasi olib o‘tiladigan shahar va qishloqlarda tantanali marosimlar, sportchilarning chiqishlari o‘tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, keng jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokidagi madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari talabalarning yoshlik, go‘zallik, birdamlik bayramiga hamohang kuy-qo‘shiq va raqslarga ulanadi.