Andijon shahridagi Yusuf Otabekov ko‘chasida zamonaviy, o‘ziga xos loyiha asosida Universal sport majmuasi qad rostlamoqda.
Sportning bir necha turlari bilan shug‘ullanish, sport musobaqalari o‘tkazish imkonini beruvchi mazkur sport majmuasi Andijon shahridagi “Xon” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etilmoqda.
Mamlakatimizda kelgusi 2024 yilda futzal bo‘yicha o‘tkaziladigan jahon chempionati guruh o‘yinlarining bir qismi aynan mazkur majmuada tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Shu bois, qurilish ishlari, qolaversa, bu yerda yaratiladigan qulayliklar, sharoitlar jahon standartlari talablari darajasida bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Qurilish ishlari 2017 yil dekabr oyida boshlangan, – deydi qurilish tashkiloti rahbari M. Xalilov. – Bosqichma-bosqich bir necha yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan ob’ekt joriy yilda foydalanishga topshiriladi. Ayni kunlarda pardozlar ishlari olib borilmoqda.
“Xon” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish sohasida katta va ko‘p yillik tajribaga ega mamlakatimizdagi yetakchi qurilish tashkilotlardan biri hisoblanadi. Jamiyat quruvchilari tomonidan bugungi kunga qadar viloyatdagi ko‘plab bog‘cha, maktablar, turar-joy binolari, savdo, xizmat ko‘rsatish inshootlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlari barpo etilib, foydalanishga topshirilgan.
[gallery-13007]
Umumiy loyiha qiymati 351,3 milliard so‘mdan iborat Universal sport majmuasining umumiy maydoni 6,3 gektarni tashkil etadi. Majmuada 4 ming tomoshabinga mo‘ljallangan 96X74 metr hajmdagi stadion, sport zali, basseyn, sportchilar uchun kiyinish-yechinish, yuvinish xonalari, kafe, restoran mavjud. Sport bilan shug‘ullanuvchilar hamda mehmonlar uchun zarur barcha sharoitlar yaratiladi. Sport zalida voleybol, basketbol singari sportning qator turlari bilan shug‘ullanish mumkin bo‘ladi.
Majmua qurilishda asosan, yurtimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanildi. Stadion o‘rindiqlari esa Turkiyadan olib kelib, o‘rnatildi. Maydon uchun maxsus chim ham xorijdan keltiriladi.
Majmuada futzal bo‘yicha jahon chempionati o‘yinlari o‘tkazilishi hisobga olinib, ob’ekt loyihasiga qo‘shimchalar kiritildi. Ya’ni majmua hududida 9 qavatli 120 o‘rinli jahon standartlariga javob beradigan mehmonxona qurilishi boshlandi.
– Ayni kunda 50 nafarga yaqin mutaxassislar pardozlash ishlari bilan band, – deydi “Xon” MCHJ ish yurituvchisi O‘tkirbek Ergashev. – Bundan tashqari, yana bir guruh quruvchilarimiz mehmonxona uchun yer maydonini tayyorlash, beton quyish ishlarini olib bormoqda. Nasib etsa majmua qurilishini belgilangan muddatda, sifatli yakunlaymiz. O‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan ushbu inshoot Andijonning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA