Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“UniSat 3.0” dasturi natijalari e’lon qilindi (+Video)
10:52 / 2025-11-05

Bugun O‘zbekistonda yuzlab qizlar fan va texnologiyalar olamiga shahdam qirib kelmoqda.

YUNISEF, Tech4Impact nodavlat tashkiloti va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar agentligi hamkorligida amalga oshirilayotgan UniSat dasturi ularga orzularini amalda sinab ko‘rish, ilmiy tajriba o‘tkazish va sun’iy yo‘ldosh uchirish imkonini bermoqda.

2021 yildan buyon mingdan ortiq qizlar STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) sohalarida bilim olib, o‘z qobiliyatini namoyon etdi. Bu yilgi dastur ham ilhomlanarli loyihalar va tarixiy yutuqlar bilan yodda qoldi.

“O‘zbekkosmos” agentligi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasida “UniSat 3.0” loyihasini amalga oshirdi. Mazkur dasturda 14 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 845 nafar qiz ishtirok etdi. Ular o‘zlari yasagan nanosun’iy yo‘ldoshlarni stratosferagacha uchirishga muvaffaq bo‘ldi.

Poytaxtimizda loyiha natijalarini e’lon qilish va g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda yosh muhandis qizlar o‘z qo‘llari bilan yasagan nanosun’iy yo‘ldoshlar bilan ishtirok etishdi.

YUNISEF tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu loyiha doirasida ishtirokchilar uch oy davomida nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi. O‘qish jarayonida to‘plagan tajribalari asosida ular tayyorlagan sun’iy yo‘ldosh modellarini Qoraqalpog‘iston Respublikasida fazoga uchirishdi.

Bu yil qizlar ikkita 3U CubeSat nanosun’iy yo‘ldoshlarini stratosferaga uchirishdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, UniSat dasturi tarixida ilk bor sun’iy yo‘ldoshlar 27 kilometr balandlikkacha ko‘tarildi. Biologik xilma-xillik bo‘yicha mutaxassislar bilan hamkorlikda qizlar biologik tajribalar o‘tkazib, harorat, bosim va nurlanishning biologik o‘zgarishlarga ta’sirini kuzatdi.

Tadbir davomida UniSat dasturining ilk bitiruvchilari muvaffaqiyatlari haqida hikoya qilindi. Shuningdek, o‘zbekistonlik qizlar uchun STEM sohasidagi karera imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Marosim so‘ngida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/paOyDcsmxYU" title="“UniSat 3.0” dasturi natijalari e’lon qilindi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

N.Rahmonova, O‘zA

N.Abduvoitov (video), U.To‘xtayev (montaj)