Toshkent shahrida “O‘zbekiston tikuv-trikotaj sanoatini barqaror modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida dizaynerlar va andozachilar uchun o‘quv trening o‘tkazilmoqda.
BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti va O‘zbekiston tikuvchilik va trikotaj sanoati assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mahalliy va xorijiy ekspertlar, dizaynerlar, andozachilar ishtirok etyapti.
Tadbir davomida dizaynerlarga xalqaro ekspertlar global moda tendensiyalari, ranglar uyg‘unligi, dizayn modellari va zamonaviy andoza tayyorlash usullari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazib, unda kiyim mosligi, o‘lcham bo‘yicha samarali gradatsiya va xalqaro bozor talablariga moslashish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

UNIDO loyiha jamoasi rahbari Anita Travaini ta’kidlaganidek, ushbu treninglar natijasida O‘zbekiston tikuvchilik sektorini qiymat zanjirining yuqori bosqichlariga olib chiqish ko‘zda tutilgan.
– Ijodkorlikni texnik bilimlar bilan uyg‘unlashtirish natijasida mahalliy korxonalar xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli raqobatlasha oladi va yagona brend ostida o‘zbek dizaynining salohiyatini namoyon eta oladi. Loyiha doirasida manfaatdor korxonalar O‘zbekistonni yuqori sifatli va dizaynga yo‘naltirilgan tikuvchilik mahsulotlarining ishonchli manbai sifatida namoyon etuvchi milliy umumiy brendni ishlab chiqmoqda. Bu tashabbus kompaniyalarga xalqaro ko‘rgazmalarda birgalikda ishtirok etish, yirik buyurtmalar uchun imkoniyatlarni birlashtirish va “Made in Uzbekistan” brendining jahon bozorida tanilishiga xizmat qiladi. Ijodkorlik va texnik modernizatsiya uyg‘unligi orqali umumiy brend O‘zbekiston tikuvchilik sanoatining xalqaro nufuzini zamonaviy, barqaror va raqobatbardosh tarzda mustahkamlaydi, – dedi u.

UNIDOning mahalliy eksperti Elnora Rizayevaning ma’lum qilishicha, “Sanoatni rivojlantirishning barqaror modernizatsiyasi” loyihasi O‘zbekiston iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, tikuv-trikotaj sanoati raqobatbardoshligini oshirish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
– Mazkur loyiha asosida 10 ta korxona tanlab olingan va ularning dizaynerlari bugungi treningga taklif etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad esa dizayn, brending va marketing sohalarida mahalliy salohiyatni rivojlantirish hamda jamoaviy eksport imkoniyatlarini mustahkamlashdir. Ushbu tashabbus mamlakatning mintaqaviy tikuvchilik markaziga aylanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlab, eksport salohiyatini, ayollar iqtisodiy imkoniyatlarini va sanoatning barqaror rivojlanishini ilgari suradi. O‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar bu jarayonda ijodkorlik va ishlab chiqarish amaliyotini uyg‘unlashtirishga, shuningdek, mahalliy korxonalarni yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportga tayyorlashga zamin yaratadi, – dedi E.Rizayeva.

Ta’kidlash kerakki, ushbu tashabbus Rossiya Federatsiyasi moliyaviy ko‘magi bilan amalga oshirilmoqda. Trening mashg‘ulotlari ertaga ham davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 14-15 oktyabr kunlari Farg‘onada ham shu kabi jamoaviy treninglarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA