UNICEF rasmiy saytida O‘zbekiston hukumatining ta’lim mazmunini tubdan yangilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlari haqida maqola e’lon qilindi. Mazkur nufuzli xalqaro tashkilot manbasi bu gal Toshkentda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, UNICEF hamda Kembrij universiteti nashriyot va imtihon markazi hamkorligida o‘quv dasturlarini takomillashtirishga bag‘ishlangan seminar tafsilotini yoritgan.
Ta’kidlanishicha, navbatdagi qo‘shma loyiha ta’lim mazmunini yangilash, avvalo o‘quvchida mustahkam savodxonlik va hisob-kitob ko‘nikmasini shakllantirish, shu bilan birga o‘g‘il-qizlarni zamonaviy mehnat bozori talabiga mos bilim va malaka bilan ta’minlashni nazarda tutgan. Yangi dasturda gender tenglik, ijtimoiy-emotsional rivojlanish, ekologik mas’uliyat va raqamli savodxonlik ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Muallif dasturni qayta ko‘rib chiqish jarayoni ilk bor barcha fan va sinf bosqichlari qamrab olingan holda, xorij mutaxassislari ishtirokida olib borilayotganiga e’tibor qaratgan. Har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha guruhlar yil davomida xalqaro ekspertlar bilan birga ishlaydi. Natijada ta’lim mazmunini yuqori samarador tizim tajribasi bilan uyg‘unlashtirish imkoni paydo bo‘ladi.
Loyiha doirasida har yili 8,8 million maktabgacha va maktab yoshidagi bola qamrab olinadi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan, turli ijtimoiy va etnik qatlamlarga mansub o‘quvchilar ushbu islohotdan ko‘proq bahramand bo‘ladi.
Umuman, xalqaro kuzatuvchilar fikricha, ta’lim dasturini tubdan yangilash inson kapitali salohiyatini oshirish, yosh avlodni global raqobat sharoitiga tayyorlash hamda barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
D.Hakimov, O‘zA