English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
UNICEF: Har olti boladan biri mojaro hududida yashamoqda
15:35 / 2024-12-29

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab qariyb 473 million yoki har oltinchi bola qurolli mojaro zonasida yashaydi.

UNICEF bayonoti shanba kuni butun dunyo bo‘ylab, jumladan G‘azo, Sudan va Ukrainada davom etayotgan urush harakatlari asnosida yangradi.

Xususan, Isroilning G‘azo sektoridagi halokatli urushi chog‘ida anklavning salmoqli qismini vayronaga aylantirgan 15 oylik to‘qnashuv kamida 17 492 o‘g‘il-qiz hayotiga zomin bo‘lgani aytilgan.

– Deyarli barcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2024 yil UNICEF tarixida mojaroga duch kelgan, jabrlangan bolalar soni hamda ularning hayotiga salbiy ta’siri bo‘yicha eng yomon yillardan biri bo‘ldi, – dedi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel.

Uning aytishicha, ziddiyat hududida o‘sayotgan bolaning maktabdan tashqarida qolishi, to‘yib ovqatlanmasligi yoki uyini tashlab ketishi ehtimoli boshqa hududlarda yashovchi bolalarga qaraganda ancha yuqori.

– Bu yangi norma bo‘lmasligi kerak, biz nazoratsiz urushlar bolalar avlodiga zarar yetkazishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz, – dedi direktor.

Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, mojaro zonalarida yashovchi bolalar salmog‘i ikki barobar oshgan, o‘tgan asrning 90-yillaridagi 10 foizlik mazkur ko‘rsatkich hozir qariyb 19 foizga yetgan.

Hisobotga ko‘ra, 2023 yil oxiriga kelib 47,2 million bola mojaro va zo‘ravonlik tufayli uy-joyini tark etgan. 2024 yildagi tendensiya turli mamlakatlar, jumladan Gaiti, Livan, Myanma, Falastin hududi va Sudanda kuchayib borayotgan harbiy harakatlar tufayli ko‘chish salmog‘i yanada oshishiga ishora qilmoqda.

– Dunyo bu bolalarni mag‘lub etmoqda. 2025 yilga qadam tashlarkanmiz, vaziyatni o‘zgartirish, bolalar hayotini saqlab qolish va yaxshilash uchun ko‘proq harakat qilishimiz kerak, – dedi Rassel.

Muharrama Pirmatova, O‘zA