Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF) G‘azo sektori suv tizimlari ishlamay qolgani sababli texnogen qurg‘oqchilikka duch kelganini ma’lum qilmoqda.
– Bolalar tashnalikdan o‘la boshlaydi... Ichimlik suvining atigi 40 foizi ishlab turibdi, - dedi UNICEF vakili Jeyms Elder Jenevada jurnalistlarga.
Isroil hozirda G‘azoga yordamning katta qismini AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan yangi guruh – G‘azo Gumanitar Jamg‘armasi orqali yo‘naltirmoqda, u Qo‘shma Shtatlarning xususiy xavfsizlik va logistika kompaniyalaridan foydalanadi va Isroil kuchlari tomonidan qo‘riqlanadigan hududlarda bir nechta tarqatish punktlarini boshqaradi.

Isroil hukumati 2 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan G‘azoga yordam berishda davom etishini ta’kidlamoqda, biroq XAMAS Isroilning ochlikdan qurol sifatida foydalanayotganini aytadi.
BMTning Falastindagi qochqinlar bo‘yicha agentligi rahbari Filipp Lazzarini o‘zining “X” ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilgan postida hozirgi yordam tarqatish tizimini “sharmandalik va dog‘” deb atadi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sionist rejimning G‘azo sektoriga harbiy hujumi 55 mingdan ortiq falastinlikni o‘ldirdi, hududning deyarli barcha aholisini o‘z uyidan ketishga majbur qildi va og‘ir ochlik inqiroziga sababchi bo‘ldi.
Jahon oziq-ovqat dasturi G‘azoga oziq-ovqat ta’minotini sezilarli darajada oshirishga chaqirib keladi.
– Ochlikdan qo‘rqish va oziq-ovqatga shoshilinch ehtiyoj katta olomonni ma’lum transport yo‘llari bo‘ylab to‘planishga majbur qilmoqda, - deyiladi Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) bayonotida. – O‘limga yoki jarohatlanishga olib keladigan har qanday zo‘ravonlik mutlaqo qabul qilinishi mumkin emas.
M. Pirmatova, O‘zA