BMTning Bolalar jamg‘armasi — UNICEF so‘nggi hisobotida dunyo bo‘yicha 85 million bola maktabga bormasligini ma’lum qildi. Ularning aksariyati ziddiyatlar, qashshoqlik yoki beqarorlik hukm surayotgan mamlakatlarda yashaydi. Tashkilot bu raqamni “ta’lim inqirozining og‘ir ko‘rsatkichi” deb atadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hisobda 234 million bola sifatli ta’limga muhtoj, bu so‘nggi uch yilda 35 millionga ko‘paygan. Ularning yarmi — qizlar, 17 foizi — qochqin yoki majburan ko‘chirilgan bolalar, 20 foizdan ortig‘i esa nogironligi bor farzandlardir.

Dunyo miqyosida ta’limga ajratilayotgan xalqaro moliyaviy yordam kamaygani inqirozni yanada chuqurlashtirgan. UNICEF ta’lim sohasiga ajratiladigan xalqaro yordam 3,2 milliard dollarga qisqargani, bu esa maktabdan chetda qolayotgan bolalar sonini 278 milliongacha yetkazishi mumkinligidan xavotirda.
– Hech bir bola bilim olish imkonidan mahrum bo‘lmasligi kerak, - deydi UNICEFning Italiyadagi yetakchisi Nikola Graziano. – Ta’limga sarmoya – bu kelajak avlodga sarmoya.

Hisobotda ta’lim tizimi eng og‘ir ahvolda bo‘lgan mamlakatlar ham keltirilgan. Masalan, G‘azoda 500 dan ortiq maktab vayron bo‘lgan, Sudanda 19 million maktab yoshidagi boladan 17 millioni o‘qishdan chetda qolgan. Gaitida esa kuchaygan zo‘ravonlik va tartibsizliklar tufayli 1,4 million bola ta’lim yordamini kutmoqda. Shu bilan birga, Afg‘oniston, Suriya, Yaman va Efiopiya kabi davlatlarda ham millionlab bolalar maktabga bora olmayapti.
UNICEF o‘qituvchilarni “ta’limning yuragi” deb ataydi, ammo tashkilot ogohlantirishicha, ko‘plab o‘lkalarda muallimlarning malaka oshirish tizimi zaif, mehnat sharoiti og‘ir va maoshi o‘ta past. Shu bois, tuzilma xalqaro hamjamiyatni o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga, har bir bola uchun xavfsiz va inklyuziv sinf yaratishga chaqirdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA