Yaqin Sharqda keskinlik kuchaymoqda, mintaqadagi bir necha mamlakatdan o‘qqa tutish va javob zarbasi haqidagi xabarlar uzluksiz tarqamoqda. Vaziyat beqarorlik chuqurlashishi, gumanitar inqiroz yuzaga kelishi xavotirini kuchaytirmoqda. BMT agentliklari mojaro kamida 16 mamlakatga ta’sir ko‘rsatayotgani, begunoh aholi qurbon berilayotgani, ko‘chirilayotgani, hayotiy infratuzilmaga zarar yetayotgani haqida bong urmoqda.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) Eronga qarshi davom etayotgan hujum bolalar uchun og‘ir oqibatga olib kelishini bildirdi. Tuzilma bolalar, maktablar va tibbiyot muassasalari xalqaro gumanitar huquq bilan himoyalanganini yana bir bor eslatib, tomonlarni oddiy aholini himoya qilishga chaqirdi.
Inson huquqi bo‘yicha Oliy komissar Folker Turk Jenevada jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida urush yanada avj olishining oldini olish, aholi, ayniqsa allaqachon nomutanosib yo‘qotishga duch kelayotgan bolalarni himoya qilish uchun xalqaro huquqqa hurmat yagona kalit ekanini ta’kidladi. Shuningdek, mas’ullarni “tizginsiz olov” singari tarqalayotgan mojaro avj olishini yumshatishga chaqirdi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) esa Yaqin Sharqda kuchayib borayotgan inqiroz tufayli dengiz yo‘llari zanjiri uzilishi yuk tashish xarajatini oshirib, insonparvarlik yordami yetkazilishini kechiktirishidan ogohlantirmoqda. XMT direktorining gumanitar yordam va tiklanish bo‘yicha o‘rinbosari Anne-Ketrin Shefer aytishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi va Qizil dengizdagi beqarorlik ta’sirida yuk tashuvchi kompaniyalar har bir konteyner uchun taxminan 3000 dollar “favqulodda qo‘shimcha to‘lov” joriy etishga majbur bo‘lmoqda. Qo‘shimcha xarajat va kechikish mintaqa ichi va tashqarisida insonparvarlik amaliyoti uchun mo‘ljallangan chodirdan tortib, quyosh lampalarigacha bo‘lgan muhim yuk yo‘liga to‘siq qo‘ymoqda.
Dunyoning asosiy dengiz yo‘laklaridan biri sanalgan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali global neft savdosining qariyb beshdan biri va har kuni mislsiz miqdorda tijorat yuki tashiladi. Bu nuqtadagi har qanday uzilish darhol energiya bozori va global ta’minot zanjiriga ta’sir qiladi, transport va sug‘urta xarajatini oshiradi.
Yonilg‘i va yuk tashish uchun mas’ul gumanitar tashkilotlar uchun Hurmuz bo‘g‘ozidagi beqarorlik Qizil dengiz suv yo‘lidagi keskinlik bilan birga hayotiy eng zarur yordam yetkazishni sekinlashtiradi, butun dunyo bo‘ylab amalga oshiriladigan operatsiyalar xarajatiga salbiy ta’sir etadi.
BMT gumanitar agentliklari tobora ortib borayotgan ehtiyoj sharoitida jiddiy moliyaviy taqchillikka duch kelmoqda. Masalan, XMTning Livandagi vakili Mate Luchano mablag‘ ehtiyoj ko‘lamiga nisbatan “sezilarli darajada kamligi”ni ta’kidlagan.
Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi oxirgi urushlar boshlanishidan oldinroq Afg‘oniston, Eron va Pokiston uchun bu yilgi gumanitar ehtiyojni 454 million dollarga baholagan etdi. Afsuski, hozircha bu miqdorning atigi 15 foizi yig‘ilgan.
G.Sattorova, O‘zA