Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uni oddiy talaba deyish kamlik qiladi
17:15 / 2026-03-05

8-mart - Xalqaro xotin-qizlar kuni oldidan

Haqiqiy ijodkor o‘z qalbidagi tuyg‘u va kechinmalarini so‘z orqali juda yorqin tarzda  namoyon eta oladi. Visola Tursunova ham ana shunday iqtidorli yosh ijodkorlardan hisoblanadi.

Visola joriy yilning 3-martida Prezident farmoniga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.  

2005-yilda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida tug‘ilgan Visolaning hayot yo‘li  ijod va bilim bilan chambarchas bog‘landi. U Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida tahsil olib, adabiyotga bo‘lgan mehr va intilishlarini yanada mustahkamladi. Ana shu dargohda u so‘zning mas’uliyatini, ijodning ma’naviy qudratini chuqur his etdi.

Bugun Visola Jizzax davlat pedagogika universiteti filologiya fakulteti, xorijiy til va adabiyoti yo‘nalishining 2-bosqich talabasi. Biroq uni faqat oddiy talaba deyishlik kamlik qiladi.  U ayni paytda shoira, tadqiqotchi va tashabbuskor yoshlardan biri.

Yosh ijodkorning “Kamalak yulduzlari” va “Kapalakka maktub” nomli she’riy to‘plamlari o‘quvchilarga yaxshi tanish. Turkiyada nashr etilgan “Hilvis” (ma’nosi  - shirinlik, latofat) to‘plami esa uning ijodi xalqaro maydonga ham kirib borayotganini ko‘rsatadi. Uning she’rlarida yoshlik samimiyati, inson qalbining nozik kechinmalari va Vatanga bo‘lgan muhabbati o‘ziga xos tarzda ifoda etiladi.

Visola faqat badiiy ijod bilan cheklanib qolmay, ilmiy izlanishlarda ham faol. O‘zbek adabiyoti, milliy qadriyatlar, jadidchilik davri, xalq og‘zaki ijodi va zamonaviy adabiy jarayonlarga bag‘ishlangan ilmiy maqolalari respublika va xalqaro jurnallarda chop etilgan. Uning tadqiqotlarida adabiyot millat ma’naviyati va tafakkurining muhim manbai sifatida talqin qilinadi.

Visola yaratgan “Imhoch” test tuzish platformasi atigi 30 soniya ichida mukammal testlar tayyorlay olishi bilan ahamiyatli.  

Visola Tursunova xalqaro tanlovlarda ham o‘z iqtidorini namoyon etdi. Italiya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya va Misrda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlardagi adabiy-badiiy ijod yo‘nalishlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani buning yaqqol isbotidir.

Uning shaxsiyatida yana bir muhim jihat bor — kamtarlik va fidoiylik. U jamoat ishlarida faol ishtirok etadi, volontyorlik harakatlarida qatnashadi, tengdoshlariga namuna bo‘ladi. “Qizlar ovozi” klubining viloyat ta’lim yo‘nalishi koordinatori sifatida  tashabbuskorlik ko‘rsatib kelmoqda.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti, avvalo, yuksak ma’naviyat, bilim va fidoyilik ramzidir. Visola Tursunovaning bu mukofotga sazovor bo‘lishi — uning shaxsiy yutug‘igina emas, balki zamonaviy bilimli, ijodkor va tashabbuskor o‘zbek qizlarining salohiyatini namoyon etuvchi muhim voqeadir.

Yosh ijodkorning qalamida yorqinlik, tafakkurida izlanish, qalbida esa Vatanga otashin muhabbat bor. Ana shu fazilatlar uning yo‘lini yanada yoritib, yangi ijodiy parvozlarga ilhom baxsh etishi shubhasiz.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri