O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug‘bek Lapasov Nyu-Yorkda mazkur tashkilot tarkibidagi Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Natalya Kanem bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida hamkorlikning bugungi holati va munosabatlarni yanada chuqurlashtirish istiqboli yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
BMT Aholishunoslik jamg‘armasi rahbari mamlakatimiz bilan xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash, demografik barqarorlik va onalar salomatligini muhofaza qilish sohasida to‘plangan boy hamkorlik tajribasini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, so‘nggi yillarda respublikamiz ushbu sohalarda erishgan muvaffaqiyatni yuqori baholadi.
Tomonlar O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbariyati ishtirokida joriy yil noyabr oyida Nyu-York shahrida o‘tkazilgan uchrashuvlar samaradorligini e’tirof etdi. Agentlik va UNFPA o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi doirasida sheriklikni yanada rivojlantirishga umumiy intilish tasdiqlandi.
Tegishli yo‘nalishda amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar, xalqaro tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.
O‘zA