Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov BMT Bosh kotibi yordamchisi, tashkilotning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha forumi (UNFF) kotibiyati direktori Juliyette Biao bilan uchrashdi.
Uchrashuvda UNFF bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Xususan, UNFF kotibiyati rahbariga O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan daraxt ekish, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda ekilgan saksovulzorlar xususida ma’lumot berildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘rmonzorlashtirish ishlariga ilmiy yondashuvni rivojlantirish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini tatbiq etish hamda o‘rmonlarni barqaror boshqarishda BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha forumi ko‘magini jalb qilishga kelishildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda hamkorlik qilish, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida yuqori malakali ekspertlar ma’ruzalarini tashkil etish, shu bilan birga, O‘rmon xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislarning salohiyatini oshirish maqsadida trening va seminarlar o‘tkazish borasida kelishuvlarga erishildi.
BMT Bosh kotibi yordamchisi Juliyetto Biao xonim O‘zbekistonda ekologiya va o‘rmon xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlarda UNFF ning faol ishtirok etishidan manfaatdor ekanini bildirdi. BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha forumi kotibiyati direktori tashkilot o‘rmon xo‘jaligi va bog‘dorchilik sohasini rivojlantirishga yordam berishga tayyor ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, UNFF BMTning o‘rmonlar va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha forumi 2000 yilda tashkilotning Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi tomonidan barcha turdagi o‘rmonlarni boshqarish, saqlash va barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish hamda uzoq muddatli siyosiy majburiyatlarni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA