UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda kamida 68 nafar OAV xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan. Qotilliklarning 60 foizdan ortig‘i mojarolar hukm surayotgan o‘lkalarda sodir bo‘lgan. Afsuski, bu oxirgi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
«Novosti OON» sayti ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalistlar o‘limi bilan bog‘liq qotilliklar asosan, ziddiyatlar davom etayotgan mamlakatlarda sodir bo‘lgan. Masalan, Falastinda 18 ta, Ukraina va Kolumbiyada 4 ta, Iroq, Livan va Sudanda 3 ta, Suriyada esa 1 nafar jurnalist qotilliklar qurboni bo‘lishgan. Ushbu qayg‘uli statistika 2023 yilda boshlangan xavotirli tendensiyani davom ettirmoqda.
Umuman olganda, so‘nggi ikki yil ichida avvalgi davrlarga qaraganda ko‘proq jurnalistlar nizoli hududlarda halok bo‘ldi.
UNESCO ma’lumotlari matbuot erkinligi bo‘yicha yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan qayd etilgan holatlarga asoslanadi. Ularga jurnalistlarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarda halok bo‘lgan holatlari kiritilmagan.
UNESCO shuningdek, jurnalistlarga qarshi tahdidlarning turli shakllarini hujjatlashtiradi va tahlil qiladi. Yil boshida tashkilot senzuraning yangi shakllari kuchayishi, masalan, jurnalistlarning ovozini o‘chirish uchun moliyaviy qonunlarni suiiste’mol qilish haqida ogohlantirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, UNESCOning may oyida chop etilgan hisobotida atrof-muhitni muhofaza qiluvchi jurnalistlarga hujumlar soni 42 foizga oshgani aniqlangan.