Shu kunlarda Samarqand shahrida jahon miqyosida muhim ahamiyatga ega tadbir — BMT Davlat xizmati forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Forum davlat boshqaruvi, samarali xizmat ko‘rsatish, raqamli transformatsiya va inson kapitalini rivojlantirish kabi global masalalar yuzasidan tajriba almashish, innovatsion yondashuvlarni muhokama qilish, hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi.

Forum doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov BMT Taraqqiyot dasturining (UNDP) O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fuji bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda mamlakatda raqamli transformatsiya, ma’lumotlar boshqaruvi va sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, raqamli hukumat masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, ilgari davlat idoralari ma’lumotlarni tizimsiz ravishda taqdim etgan bo‘lsa, endi markazlashtirilgan platforma orqali barcha ma’lumotlar davlat va xususiy sektor ishtirokchilari o‘rtasida tizimli almashilmoqda. Bu ma’lumotlar sifatini nazorat qilish va ularning sizib chiqishi xavfini kamaytirish imkonini berayotgani aytib o‘tildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida axborotlar bazasini yaxshilash va malakali kadrlar tayyorlash maqsadida davlat va xususiy sektor o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish va bu borada ta’lim tizimini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Akiko Fuji BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistondagi raqamli transformatsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etayotganini ta’kidlab, hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
N.Rahmonova, O‘zA