Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumxalq muhokamasida 81 mingdan ziyod taklif kelib tushgan
10:42 / 2022-07-15

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shu yilning 15 iyuliga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan aholi va fuqarolik jamiyati institutlaridan jami 81 mingdan ziyod taklif kelib tushgan. Bundan ko‘rinadiki, aholining mazkur siyosiy jarayonlarga nisbatan daxldorlik hissi oshib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishga qiziqishi tobora ortib borayotir.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini boshqarish organlari qo‘mitalarining qo‘shma majlisida aytib o‘tildi. Majlisda umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan kelib tushayotgan taklif va mulohazalarni loyihada aks ettirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari hududlarda bo‘lib, qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirmoqda. Butun xalqimiz, xotin-qizlar, yoshlar, huquqshunos va siyosatshunos olimlar, ilm-fan namoyandalari ushbu masalada o‘z fikr va qarashlarini bildirmoqda, konstitutsiyaviy yangilanishlarni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Majlisda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi mamlakatimizning barcha hududlarida qizg‘in tashkil etilayotgani, hududlarda davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilgani qayd etildi.

Xalqimiz bildirayotgan takliflar mas’ul qo‘mitalar a’zolari, Konstitutsiyaviy komissiya huzurida tuzilgan Takliflar bilan ishlash va Yig‘ma axborot tahlil guruhlari tomonidan ishchi tartibida muntazam ravishda ko‘rib chiqilib, tahlil qilinmoqda. Takliflarning asosli deb topilganlari asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazildi.

Tadbir yakunida qo‘mitalar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab olindi.

M.Komilova, O‘zA