Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Brifingda «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan axborot yuzasidan ma’lumot berildi.
— Umumxalq muhokamasi davrida vazirlik, idora va tashkilotlarda, respublika bo‘yicha barcha tuman va shaharlarda, shuningdek, Oliy Majlis deputatlari va senatorlar, siyosiy partiyalar, mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida 20 mingga yaqin tadbirlar tashkil etildi, — dedi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov. — Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgarishlar hamda olib borilayotgan ishlarni aholining keng qatlamiga yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalari orqali ko‘plab materiallar chiqarildi. Masalan, davlat va nodavlat telekanallarda 11 ming 606 ta lavhalar, intervyular, informatsion va maxsus ko‘rsatuvlar efirga uzatilgan bo‘lsa, radiokanallarda 2 ming 997 ta informatsion va maxsus eshittirishlar tashkil qilindi. Markaziy, hududiy va siyosiy partiyalar nashrlarida 1 ming 138 ta maqolalar chop etildi. Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda 46 ming 720 ta axborot materiallari e’lon qilindi.
Qonun loyihasining muhokamalarida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi. E’tiborli tomoni mamlakatimizda bo‘layotgan Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoniga xorijdagi vatandoshlarimiz ham befarq bo‘lishmadi. Jumladan, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya va boshqa davlatlardan vatandoshlarimizning yuzlab taklif va munosabatlari kelib tushdi.
Brifingda qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng hozirga qadar 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushgan.
Takliflar orasida ishsizlikni tugatish, soliqqa tortishning mutanosib va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi, davlatning zarur hollarda xorijdagi fuqarolarga huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatishi, davlat organlari faoliyatida ochiqlikning bo‘lishi va ularga korrupsiyaga qarshi kurashish majburiyatini yuklash, aholi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligi, mahalliy Kengashlarga ham hokimlarga ishonchsizlik votumini bildirish vakolatini berish, sudning inson huquq va erkinliklarini kamsituvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qo‘llashga haqli emasligini belgilash kabi takliflar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Qayd etilganidek, mas’ul qo‘mitalar umumxalq muhokamasi davomida berilgan takliflarni o‘rganib chiqish uchun Konstitutsiyaviy komissiya bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Umumxalq muhokamasi davomida mas’ul qo‘mitalarning qariyb 40 marotaba majlislari o‘tkazildi. Takliflari dolzarb ahamiyat kasb etgan mualliflar bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularning bergan taklifini bevosita o‘zining ishtirokida mas’ul qo‘mitalarda muhokama etildi. Uzoq hududlarda joylashgan taklif egalari bilan esa masofadan turib onlayn ish olib borildi. Masalan, «xotin-qizlar va erkaklarning gender tengligini davlat tomonidan kafolatlanishi»ni Konstitutsiyada aks ettirish lozimligi haqidagi taklif qo‘mitaning joriy yil 22 iyuldagi yig‘ilishida muallif ishtirokida muhokama etilib, uning taklifi dolzarb deb topildi. Shuningdek, «ish vaqti haftasiga 40 soatdan ortiq bo‘lishi mumkin emasligi» haqidagi taklif ham uning muallifi ishtirokida tahlil etildi va dolzarb deb topildi.
Brifingda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 6 turdagi ekspertizadan o‘tkazilgani, shuningdek, kuni kecha yetakchi olimlar, professorlar, akademiklar ishtirokida jamoatchilik maslahatlashuvi o‘tkazilib, unda ham loyihada so‘z va iboralarni to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan qator takliflar berilgani qayd etildi.
Shu bilan birga, xorijdagi siyosiy doiralar va yetakchi ekspertlarga Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Polsha, Yaponiya, Koreya, Hindiston kabi davlatlarda turli konferensiyalar, davra suhbati va tadbirlar o‘tkazildi.
Ta’kidlanganidek, har bir taklif va ekspertiza xulosalari chuqur muhokama qilinib, shundan so‘ng qo‘mitalarning qo‘shma yig‘ilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalar o‘tkaziladi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqiladi. Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan u deputatlar muhokamasiga kiritiladi va xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.
Brifingda joriy yilning 1 avgust kuni umumxalq muhokamasi uchun ajratilgan vaqt tugaganini e’tiborga olgan holda “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi va 1341 koll-markazi orqali takliflarni qabul qilish to‘xtatilishi, lekin «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida loyihaga berilgan takliflar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA