Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumxalq muhokamasi davomida fraksiyalarga minglab takliflar kelib tushdi
09:37 / 2022-08-06

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish jarayonida «Adolat» SDP fraksiyasi hamda partiyaning barcha darajadagi tashkilotlari tomonidan 4 ming 580 ta tadbir o‘tkazildi.

Unda 190 mingdan ortiq aholi qamrab olindi.

Shuningdek, fraksiya a’zolari saylov okruglarida olib borgan faoliyati davomida qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan aholi taklif va tavsiyalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi. O‘tkazilgan uchrashuvlarda saylovchilar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan jami 6 mingga yaqin takliflar kelib tushdi.

Bular haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Adolat» SDP fraksiyasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi normalar bilan inson va fuqaroning shaxsiy huquqlari hamda erkinliklarini kafolatlash yanada kuchaytirilayotgani e’tirof etildi. Shuningdek, shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari uchun huquqiy ahamiyatga ega emasligi va ularning huquqlarini cheklovchi huquqiy oqibatlarga yo‘l qo‘yilmasligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanayotganligi qayd etildi. Ushbu normalar inson qadr-qimmati, sha’nini himoya qilishga, huquq va erkinliklarini ta’minlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.

«O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ham qizg‘in ruhda ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan umumxalq muhokamasi yurtimizning barcha hududlarida tashkil etildi. Muhokamalar davomida 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi.

Bunda targ‘ibot-tushuntirish ishlari alohida ahamiyat kasb etdi. Xususan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari tomonidan saylov okruglarida aholi bilan 300 dan ziyod uchrashuvlar o‘tkazilib, unda 26 ming aholi qamrab olindi. Mazkur uchrashuvlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan mingga yaqin takliflar bildirildi.

Fraksiya a’zolari tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasi bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsad-vazifalariga to‘la mos kelishi ta’kidlandi. Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatimizda ekologiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviy davomi ekanligi bildirildi.

Ta’kidlandiki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining qabul qilinishi global tusdagi ekologik muammolarni bartaraf etishda ekologik innovatsiyalarni joriy etish, ekologik toza, energiya samarador va resurstejamkor loyihalarni amalga oshirishga zamin bo‘ladi. Mamlakatimizning ekologik xavfsizligi va barqarorligini, iqlim o‘zgarishlariga moslashishini ta’minlash bilan bir qatorda iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlanishiga xizmat qilishi alohida qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA