Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 26 apreldagi tegishli farmoyishi asosida joriy yilning 30 aprel kuni “Mahalla obodligi – yurt farovonligi” shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi raisi Dilshod Usmonov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda mazkur tadbir bo‘yicha ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, hashar davomida 15 ming gektardan ziyod yer-maydonlarni obodonlashtirish, 6 ming kilometrdan ziyod ariq va zovurlarni tozalash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, xayriya hasharida 300 dan ziyod ziyoratgoh, 9 mingga yaqin qabriston, hamda mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi.
8 milliondan ziyod aholi ishtirok etishi kutilayotgan xayriya hasharida “Yashil yillik” umummilliy loyihasi doirasida 1 million tupga yaqin mevali va manzarali ko‘chatlar va 2 million tupdan ziyod gul ko‘chatlarini o‘tqazish ko‘zda tutilmoqda.
“Mahalla obodligi – yurt farovonligi” deb nomlangan xayriya hashari Ramazon hayiti hamda Xotira va qadrlash kuni arafasida tashkil etilayotganligi sababli 5 mingga yaqin oilalarning uy-joylarini ta’mirlab berish uchun “Mahalla” xayriya jamoat fondi fond mablag‘lari hisobidan salkam 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
9 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalar va 3 mingga yaqin yakka-yolg‘iz qariyalarga 3 milliard so‘mga yaqin moddiy ko‘mak ko‘rsatiladi. Bundan tashqari, hashar kuni Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinib, ularga saxovat va muruvvat yordamlari amalga oshiriladi.
Xo‘sh, umumxalq hasharida ishtirok etish majburiymi? Qaysi vaqtda hashar uchun xodimlarning bir kunlik ish haqi ushlab qolinadi?
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, umumxalq hasharida ishtirok etish mutlaqo ixtiyoriy. Xodimlarning 1 kunlik ish haqi esa faqatgina ularning roziligi bilan, o‘zaro kelishuv asosida ushlab qolinishi mumkin. Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Mehnat kodeksining 164-moddasiga ko‘ra, xodimning yozma roziligi bo‘lmay turib uning ish haqidan ushlab qolinishi mumkin emas.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA