Mamlakatimizda azaldan hashar an’anasi xalqni birlashtiruvchi, ezgulik va hamjihatlikni mustahkamlovchi qadriyat sifatida shakllangan.
Mahalla ko‘chalarini obod qilish, ariq-zovurlarni tozalash, hovli va jamoat joylarini tartibga keltirish kabi ishlar aynan hashar orqali amalga oshirilib, jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat va birdamlik muhitini kuchaytirib kelgan.
Joriy yil 13-14-mart kunlari mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli umumxalq hashari o‘tkaziladi.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida dolzarb vazifalar belgilab berilgan.
Hasharlar “Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etiladi.
Ushbu umumxalq tadbiri doirasida mahallalar, aholi yashash massivlari, ijtimoiy soha ob’ektlari, ta’lim muassasalari, ziyoratgohlar va qabristonlar atrofi obodonlashtiriladi. Ko‘chat ekish, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish, chiqindilarni bartaraf etish, yo‘lak va hovlilarni tartibga keltirish ishlari amalga oshiriladi.

Hashar nafaqat tozalik va obodonlashtirish ishlari, balki fuqarolar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, yoshlarda vatanparvarlik va mas’uliyat tuyg‘usini oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, mahalla instituti faoliyatini kuchaytirish, aholining o‘z yashash hududiga daxldorlik hissini oshirishda bu kabi tadbirlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA