English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari va xodimlari uchun belgilangan qo‘shimcha ustamalar qay tarzda to‘lab beriladi?
14:53 / 2023-04-26

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova umumta’lim muassasalari o‘qituvchilari va xodimlari uchun belgilangan qo‘shimcha ustamalar va ularni to‘lash tartibi xususida batafsil ma’lumot taqdim etdi.

Qayd etilishicha, xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va direktorlarga bazaviy tarif stavkalariga nisbatan oltin medal uchun 200 foiz, kumush medal uchun 175 foiz, bronza medal uchun 150 foiz miqdorida ustama to‘lash belgilangan.  

O‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblariga lavozim maoshiga nisbatan 150 foiz hamda o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalar respublika bosqichi g‘oliblariga  lavozim maoshiga nisbatan 100 foiz miqdorida ustama pullari to‘lanadi.  

Xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz va xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga tarif stavkalariga nisbatan 50 foiz ustama pullari to‘lash tartibi mavjud.  

Shuningdek, belgilangan tartibga ko‘ra, ustamalar kasbiy mahoratini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan test va suhbat natijalariga ko‘ra eng yuqori ball to‘plagan malakali pedagog kadrlarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5,5 baravari, fizika, informatika, matematika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha milliy sertifikatlash sinovidan maksimal ball olgan pedagoglarning ish haqi to‘lovlariga 50 foiz, chet tili fanlari bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar ish haqiga 50 foiz  miqdorida qo‘shimcha tarzda to‘lab beriladi.  

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, joriy yildan boshlab Vazir jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tegishli tanlov jarayonlaridan o‘tgan o‘qituvchilarga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5,5 baravari miqdorida ustama belgilangan. Bundan tashqari inklyuziv va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun ham alohida ustamalar belgilangan.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA