Navoiy davlat universitetida umumta’lim maktablariga yangi baholash tizimini joriy etishga bag‘ishlangan seminar-trening tashkil etildi.
“Mezonlarga asoslangan baholash” tizimiga o‘tayotgan umumta’lim maktablarining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda “e-maktab” dasturi bo‘yicha shug‘ullanayotgan mas’ul xodimlar ishtirok etgan seminarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi mutaxassislari tomonidan tizim afzalliklari, baholash mezonlarini ishlab chiqish tartibi va yangi tizimni amaliyotga joriy etish bo‘yicha aniq tavsiyalar berildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, yangi baholash tizimi o‘qituvchilar faoliyatini tubdan o‘zgartirgan holda ularni bilim beruvchi emas, balki bilimni mustaqil egallashga yo‘naltiruvchi shaxsga aylantiradi. Ular o‘quvchilar bilimini baholashda ularning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda har bir o‘quvchi uchun mashg‘ulot hajmini rejalashtirgan holda turli baholash usullaridan foydalanadilar.

Mashg‘ulotlarda o‘qituvchilar nazariy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirib, o‘quvchilarning yutuqlarini xolis baholash, mezonlarni ishlab chiqish va tahlil qilish ko‘nikmalarini yanada mustahkamladilar.

Navoiy viloyatida Prezident ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy qilish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan 20 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etilgan bo‘lsa, yakunlangan o‘quv yilida esa yana 40 ta maktabda sinovdan o‘tkazildi. Joriy o‘quv yilida esa 90 ta maktabga joriy etilib, ularning soni 150 taga yetkaziladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri