Andijon viloyati Bo‘ston tumanida o‘quvchi yoshlarning kasb-hunar o‘rganishlariga ko‘maklashish maqsadida qator maktablarga tikuv mashinalari sovg‘a qilindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatida joriy yildan Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumta’lim maktablarining 7-11-sinf o‘quvchilariga maktabda ta’lim berish bilan birga, ularni kasbga o‘rgatish tizimi joriy etilishi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Ana shundan kelib chiqib, Bo‘ston tumani hokimi Sadbarxon Mamitova tashabbusi bilan tumandagi 3-, 11-, 26- umumta’lim maktablariga homiylik asosida 10 ta tikuv mashinasi berildi.
[gallery-847]
– Prezidentimiz Murojaatnomada yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish masalasiga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas, – deydi Bo‘ston tumanidagi 26-umumta’lim maktabi direktori Bashorat To‘ychiyeva. – Chunki, yoshlarimiz maktabdagi o‘qishi davomida biror-bir hunarni ham puxta egallab borsa, bu ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlarida, o‘rni kelganda shu ish bilan shug‘ullanish orqali daromad topishlariga zamin yaratadi. Tuman hokimining tashabbusi bilan maktabimizga berilgan zamonaviy tikuv mashinalari o‘quvchi qizlarimizning tikuvchilik kasbini puxta o‘rganishlariga yordam beradi.
Tuman hokimligi tomonidan tumandagi barcha umumta’lim maktablarini ana shunday tikuv mashinalari bilan ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA