Davlatimiz rahbarining 2025 yil 8 sentyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatimiz umumta’lim maktablarida yangi – maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilmoqda.
Ushbu tashabbus yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish, ularda yetakchilik, tashabbuskorlik va ijtimoiy faollik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan muhim islohotlardan biri hisoblanadi.
Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mazkur lavozim uchun ro‘yxatdan o‘tgan nomzodlar o‘rtasida tanlov jarayonlari boshlandi.

Navoiy viloyatida ham mavjud 367 ta umumta’lim maktabining 76 tasida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilishi belgilangan bo‘lib, ushbu maktablar uchun 360 nafardan ortiq pedagog nomzod sifatida test jarayonlarida qatnashdi.
Test sinovlari 30 ta savoldan iborat bo‘lib, yuqori natija ko‘rsatgan talabgorlar tanlovning navbatdagi bosqichi – suhbat jarayoniga tavsiya etiladi.

Maktab maslahatchisi lavozimi o‘quvchilarning iqtidori va qiziqishlarini rivojlantirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda maktabdan tashqari faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yishda muhim o‘rin tutadi. Xususan, maslahatchilar tomonidan “Kelajak” markazlari to‘garaklari faoliyatini muvofiqlashtirish, o‘quvchilarni tarixiy obidalar, madaniy yodgorliklar va milliy qadriyatlar bilan tanishtirish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, turli loyihalar, klublar va debatlar orqali o‘quvchilarda yetakchilik va tashabbuskorlik ko‘nikmalari shakllantiriladi, madaniyat, san’at, kitobxonlik, sport hamda ekologik yo‘nalishdagi tadbirlar tashkil etiladi. Bu esa o‘quvchilarning jamoada ishlash qobiliyatini oshirish bilan birgalikda ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA