Bugun yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida birinchi qo‘ng‘iroq sadolari ostida yangi o‘quv yili boshlandi.
Joriy yilda Navoiy viloyatidagi 368 ta umumta’lim maktabida ham “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazilib, umumta’lim maktablarining 1-sinfiga 19 850 nafar o‘quvchi qabul qilindi.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabda bo‘lib o‘tgan tadbirda ishtirok etib, mustaqilligimiz bergan imkoniyatlar, yurtimizda ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar samarasi, o‘qituvchi va yoshlar uchun yaratib berilayotgan qulayliklar haqida to‘xtaldi.
[gallery-8651]
Joriy yilda viloyatdagi 38 ta umumta’lim maktabida qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Bu maqsadlar uchun jami 118,6 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada xalq ta’limi muassasalari mutlaqo yangi, zamonaviy ko‘rinishga kelib, moddiy-texnik bazasi yaxshilandi.
Navoiy shahridagi 11-ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan ixtisoslashgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sherzod Shaymatov Xitoy davlatida kimyo fanidan masofaviy tarzda o‘tkazilgan 54-Xalqaro tanlovda kuchlilar safidan o‘rin olib, kumush medal sovrindoriga aylandi.
9-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Mening huquq va majburiyatlarim” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida Zarafshon shahridagi 11-maktabning “Parlament” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Viloyatdagi barcha ta’lim muassasalariga qadam qo‘ygan birinchi sinf o‘quvchilariga 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi.
Abduvali Bo‘riyev, Siroj Aslonov (surat), O‘zA