Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumta’lim maktablari o‘quvchilari “Mahorat darslari”da ishtirok etdi
11:40 / 2025-03-17

Navoiy shahridagi 8-sonli informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabda “Yangi O‘zbekiston” universitetining nufuzli xorijlik va mahalliy professor-o‘qituvchilari ishtirokida “Mahorat darslari” tashkil etildi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Navoiy shahridagi umumta’lim maktablarida bilim olayotgan iqtidorli o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tadbir avvalida universitet professori Sirojiddin Jo‘rayev o‘quvchi-yoshlarning xorijiy tillarni puxta egallashi kelajak hayotlari uchun muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, oliy ta’lim muassasasi faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, ushbu universitet davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 iyundagi “Yangi O‘zbekiston” universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tashkil etilgan.

[gallery-22290]

Universitetda ta’lim jarayoni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etilib, oliygohni tamomlagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan Milliy kadrlar zaxirasiga olinadi hamda 5 yillik ish tajribasidan so‘ng rahbarlik lavozimiga tayinlanadigan istiqbolli nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.  

– Bugungi tadbirimizda bitiruvchi yoshlarga universitetimizda yaratilgan sharoitlar, qabul va o‘quv jarayonlari haqida to‘liq ma’lumot taqdim edik, – deydi S.Jo‘rayev. – Universitetda ta’lim jarayoni “fan - ta’lim - ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida tashkil etilib, talabalar 1-kursdan ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlariga biriktiriladi hamda bitiruvchi kurs talabalari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirish va bitiruv oldi amaliyotini nufuzli xorijiy kompaniyalarda o‘tash imkoniyati yaratilgan. Dars jarayonlari to‘liq xorijiy tillarda olib boriladi. Ayni paytda Yangi Toshkentda universitet kampusi qurilmoqda. Kelgusida yangi yo‘nalishlar, fakultetlar ochish rejalashtirilgan. Bugungi tadbirda o‘quvchilarning ishtirokidan xursand bo‘ldim. Umumta’lim maktablari o‘quvchilari ingliz tilida erkin muloqot qilmoqda. Muloqotlar jarayonida shunga amin bo‘ldimki, bugungi kun yoshlari bilim olishga juda qiziqadi. Ularning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari bor. Ana shu maqsadlari yo‘lida bilim olib, intilmoqda.  

Albatta, bugun yurtimizda yoshlarimizning bilim olishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilgan. Bu imkoniyatlardan unumli va oqilona foydalanayotgan yoshlarimiz safi esa yil sayin oshib bormoqda. Ana shunday iqtidorli yoshlardan biri Humoyun Qo‘chqorovdir. Hozirda u Navoiy shahridagi 8-sonli informatika va axborot texnologiyalarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi. Garchi u maktab o‘quvchisi bo‘lsada, xorijiy davlatlarning bir qator nufuzli oliygohlarida o‘qish uchun takliflar olgan.  

– Hozirda IELTS va SAT imtihonlarida yuqori ballarni qo‘lga kiritdim. Shuningdek, taekvondo sport turi bilan ham shug‘ullanaman, – deydi H.Qo‘chqorov. – Yevropa va AQSHdagi bir qator universitetlarga o‘qishga qabul qilindim. Bugungi tadbirda “Yangi O‘zbekiston” universiteti haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Menga yoqqan tomoni shundaki, bu yerda o‘qituvchilarning xalqaro hamkorligi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan ekan. Ta’lim muassasasida xorijiy o‘qituvchilar kelib dars bermoqda. O‘zimizning yurtimizda ham bu kabi imkoniyatlarning yaratilganligi meni xursand qildi.  

Tadbirda o‘quvchilar universitet o‘qituvchilari bilan ingliz tilida so‘zlashib, savollariga atroflicha javob oldi.  

A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari