Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umummilliy boyligimizni asrash har birimizning burchimizdir
17:41 / 2021-06-21

Prezidentimizning 2021 yil 8 iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerning iqtisodiy qiymatini belgilash orqali uni fuqarolik huquqiy munosabatlar ob’ekti sifatida erkin muomalaga kiritishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hujjat yerni ko‘z qorachig‘idek asrash va tabiat iqlimi o‘zgarishi sharoitida yer resurslarini muhofaza qilish, undan oqilona foydalanishda yerdan foydalanuvchi jismoniy va yuridik hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Tadqiqotchilarning fikricha, O‘zbekiston sharoitida dunyodagi barcha meva-sabzavot va o‘simliklarni o‘stirish hamda yetishtirish imkoniyatlari mavjud. Lekin qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlariga o‘tishda fuqarolarning huquqiy qarashlari va madaniyatini yuksaltirish, qishloq xo‘jaligi korxona va tashkilotlarini zamonaviy bozor infratuzilmalariga aylantirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bunga, asosan o‘tmishdagi ma’muriy buyruqbozlik boshqaruvi, paxta yakka hokimlik tizimi, dehqonlarga erkinlik va yer bermaslik, yerni huquqiy tartibga soluvchi qonunlar aholi manfaatini himoya qilmasligi hamda qishloq xo‘jaligida mulkchilik shakllari, raqobat muhiti yo‘qligi va boshqa holatlar sabab bo‘lgan. Dehqonu bog‘bonlarimiz ota-bobolarimizdan qolgan milliy dehqonchilik tajribalarini yerga qo‘llay olmay, bor kuch, bilim va imkoniyatlarini sarflay olmagan.  

 Zamon talabi bilan bugun soha mas’ullari zimmasiga qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, yerni sifatli haydash, tuproqqa yetarlicha mineral va mahalliy o‘g‘itlarni solish, tuproq, iqlim sharoitini hisobga olib ekinlarni joylashtirish, kimyoviy ishlov berish va himoyalash hamda sifatli eksportbop qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan foydalanish kabi qator dolzarb vazifalar yuklanmoqda.  

 Ushbu farmonda yer munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yangi mexanizmlari belgilab berildi. Jumladan, 2021 yil 1 avgustdan boshlab yer uchastkalari xususiy sektorga — mulk va ijara huquqi asosida, davlat organlari, muassasalari, korxonalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga — doimiy foydalanish huquqi asosida ajratiladi. Meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinishi, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga bo‘lgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qolinishi, ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan ko‘chmas mulk ob’ektiga mulk huquqi boshqa shaxsga o‘tgan taqdirda, ushbu ob’ektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga o‘tishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar barcha turdagi qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari ishtirok eta oladigan, ochiq elektron tanlov yakunlariga ko‘ra ijara huquqi asosida ajratiladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar esa mulk huquqi va ijara huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi. Barcha hollarda yer uchastkalari faqat bo‘sh turgan va zaxiraga olingan yerlardan ajratiladi, ayni bir hujjat bilan yoki bir vaqtning o‘zida yer uchastkasini olib qo‘yish, zaxiraga olish, boshqa shaxsga ajratish yer berish tartibini buzish hisoblanadi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Albatta, bir qator yangi mexanizmlar qatorida mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer munosabatlariga oid bir qator huquqlari joriy yilning 1 avgustidan bekor qilindi. Jumladan, yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish shular jumlasidandir. Bundan, yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ochiq tanlov yakunlarini tasdiqlash, ijara shartnomasini imzolash, yer uchastkalarini xususiylashtirish natijalarini rasmiylashtirish bo‘yicha vakolatlar mustasno, albatta.  

 Tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish, sug‘oriladigan yerlarni sug‘orilmaydigan yerlar yoki boshqa yer toifasiga, sug‘orilmaydigan qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa yer toifasiga o‘tkazish, jamoa bog‘dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun yer berish, xususiylashtiriladigan yer uchastkalariga nisbatan investitsiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash bekor qilindi.  

 Endilikda yer to‘g‘risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi. Ularning ham bir qator vazifalari mavjud. Misol uchun, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini qo‘llashda vujudga kelayotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish, shu jumladan, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, yerdan oqilona foydalanish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganib, milliy xususiyatlarni inobatga olgan holda ularni joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash. Shuningdek, yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ahvolini muntazam o‘rganib borish, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish, yerlarni, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni muhofaza qilish, qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish, yerga oid qonunchilik hujjatlari ijrosini ta’minlash hamda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni tashkil etish kabi vazifalar ham yuklatilgan.  

 Muxtasar aytganda, mazkur farmon bilan yer munosabatlarida yangi islohotlar boshlandi. Bu, albatta, xalqimiz dasturxonini to‘ldirish, aholini ish bilan ta’minlash, yerga bo‘lgan fuqarolik munosabatimizda tub o‘zgarishlarga asos bo‘ladi. Mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar yurtdoshlarimizning  hayoti farovonligini oshirish va albatta, yoshlarimizning barkamol bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.  

 

Sohibjon Hatamov,  

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i.