Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umummilliy birdamlik festivaliga start berildi
12:56 / 2025-08-02

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Umummilliy birdamlik festivalini hududlarda yuqori saviyada tashkil etish maqsadida bir guruh olimlar, ziyolilar, shoirlar, san’at va madaniyat ahli, shuningdek "Zoom" platformasi orqali hududlardagi ma’naviyat va ma’rifat sohasi mas’ullari hamda "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirokida muloqot o‘tkazildi.

Uchrashuvni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov olib bordi.

Mazkur festival O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 10 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘ylab tashkil etilmoqda.

Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad Mustaqillik bayrami shukuhini mamlakatimiz bo‘ylab yoyish, ayniqsa chekka tumanlardagi mahalla va ovullar, har bir xonadon, har bir yurtdoshimizning qalbiga olib kirishdan iborat. Shu ma’noda madaniyat va istirohat bog‘lari, harbiy qismlar, sport maydonlari, mahalla guzarlarida ijtimoiy loyihalar amalga oshiriladi. Tadbirlar orqali yurtdoshlarimiz orasida milliy ruhiyat, birdamlik va xalqchillik tamoyillarini mustahkamlash, yoshlar va keng jamoatchilik o‘rtasida Vatanga muhabbat, sadoqat, shukrona, tinchliksevarlik, do‘stlik, bag‘rikenglik g‘oyalarini keng targ‘ib etish, aholida ijtimoiy faollik, ma’naviy barqarorlik, professional va shaxsiy rivojlanishga bo‘lgan intilishni kuchaytirish maqsad qilingan.

Umummilliy birdamlik festivali doirasida “Inson qadri”, “Umummilliy birdamlik”, “Dildagi gaplar”, “Maslahat oshi”, “Baxtli bolalik sharafiga”, “Shijoat”, “Farovon hayotga ilk qadam” kabi ijtimoiy loyihalar, “Kitob marafoni” aksiyasi, “Qasamyod” nomli yangi spektakl namoyishi, “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida gala-konsert dasturlari o‘tkaziladi.

E’tiborli jihati, mazkur loyihalar doirasida aholining barcha qatlamlari — yoshlar, ziyolilar, tadbirkorlar, ijodkorlar, harbiylar, mahalla faollari, ta’lim muassasalari vakillari, kam ta’minlangan oilalar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar va turli millat vakillari qamrab olinadi.

Mazkur ezgu aksiya milliy o‘zlikni anglash, mustaqilligimiz, erkin va ozodligimizning, mamlakatimizda kechayotgan shiddatli yangilanish jarayonlarining qadr-qimmatini yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarga ta’sirchan, sodda va samimiy, hayotiy misollar vositasida tushuntirishda, islohotlar ahamiyatini yetkazishda ulkan ahamiyat kasb etishi shubhasiz.  

N.Usmonova, O‘za muxbiri