Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi maxsus avtodromda O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan avtokross bo‘yicha O‘zbekiston kubogining birinchi bosqich musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan 60 nafardan ortiq sportchi “A7”, “A8”, “NU” va “Baggi” sinflariga kiruvchi sport avtomobillarida o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Ikki kun davom etgan qizg‘in va murosasiz bellashuvlardan so‘ng “Baggi” sinfida Jizzax viloyati vakili G‘ayrat Odilov birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, “A-7” sinfida samarqandlik sportchi Asliddin Siddiqov, “A-8” sinfida Jizzax viloyatining “Best club” jamoasi a’zosi Nikolay Sayev, “NU” sinfida ham jizzaxlik Samandar Husanov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, umumjamoa hisobida Jizzax viloyati jamoasi birinchi, Samarqand viloyati jamoasi ikkinchi hamda Jizzax viloyatining “Best club” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan munosib taqdirlandi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA