“Yashil energiya” MCHJ va “Tongwei Solar” o‘rtasida umumiy quvvati 300 megavattgacha bo‘lgan fotoelektr modullarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Energetika vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, ushbu shartnomaga asosan ijtimoiy va davlat ob’ektlari hamda boshqa tashkilotlar ehtiyojlari uchun Xitoyning “Tongwei Solar (Hefei) Co., Ltd." kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va umumiy quvvati 300 megavattgacha bo‘lgan kichik quvvatli quyosh fotoelektr modullari yetkazib beriladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Tongwei Solar” – eng yirik “Tier 1» ro‘yxatiga kiritilgan salohiyatli quyosh elementlari ishlab chiqaruvchi kompaniya hisoblanadi. U tomonidan ishlab chiqarilgan quyosh modullari dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida ushbu yo‘nalishdagi loyihalarda keng qo‘llanilgan.
“Tongwei Solar” quyosh panellari ishlab chiqarish quvvati yiliga 45 gigavattdan, quyosh elementlarining umumiy ishlab chiqarish quvvati esa yiliga 100 gigavattdan oshadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA