Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umumiy mulkka nisbatan "Imtiyozli sotib olish huquqi" nima?
15:32 / 2026-01-07

Huquqiy munosabat

Qonunchilikka ko‘ra, ikki yoki undan ortiq shaxsning egaligida bo‘lgan mol-mulk ularga umumiy mulk huquqi asosida tegishli bo‘ladi.

Ushbu savolga javob berishdan avval umumiy mulk tushunchasi mohiyatini bilib olishimiz zarur.

Bu haqda Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev quyidagicha tushuntirish berdi:

– Fuqarolik kodeksining 216-moddasiga ko‘ra, mol-mulk mulkdorlardan har birining mulk huquqidagi ulushi aniqlab qo‘yilgan (ulushli mulk) yoki bunday ulushlar aniqlab qo‘yilmagan (birgalikdagi mulk) holda umumiy mulk bo‘lishi mumkin.

Umumiy mulk bo‘lgan mol-mulk ulushlarga bo‘linadi, qonunda bu mol-mulkning birgalikdagi mulkni tashkil etishi nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Demak, umumiy mulk bu ikki yoki undan ortiq shaxslarga tegishli bo‘lgan mol-mulkidir. Umumiy mol-mulk ulushlarda taqsimlanadi va sheriklar o‘rtasida boshqariladi. Endi asosiy savolga qaytsak, umumiy mulk huquqida imtiyozli sotib olish huquqi nimani anglatadi?  

Fuqarolik kodeksi 224-moddasiga ko‘ra, mulkdorlardan biri o‘z ulushini boshqa shaxsga sotgan vaqtida qolgan mulkdorlar sotilayotgan ulushni u sotiladigan narxda va boshqa teng shartlarda imtiyozli sotib olish huquqiga egadirlar, kimoshdi savdosi orqali sotish hollari bundan mustasno.

Umumiy mulkdagi ulushni sotuvchi o‘z ulushini o‘zga shaxsga sotish niyati haqida boshqa mulkdorlarga yozma ravishda ma’lum qilib, ulushning narxini va uni sotishning boshqa shartlarini ko‘rsatishi shart.

Agar qolgan mulkdorlar imtiyozli sotib olish huquqini amalga oshirishdan voz kechsalar yoki bu huquqni xabar qilingan kundan e’tiboran ko‘chmas mulkka nisbatan bir oy davomida, boshqa mol-mulkka nisbatan esa — o‘n kun davomida amalga oshirmasalar, sotuvchi o‘z ulushini har qanday shaxsga sotishga haqli bo‘ladi.

Ulush imtiyozli sotib olish huquqini buzgan holda sotilgan taqdirda, boshqa mulkdorlar uch oy mobaynida sotib oluvchining huquq va majburiyatlarini o‘zlariga o‘tkazishni sud tartibida talab qilishga haqlidirlar.

Ulushni sotib olishning imtiyozli huquqini boshqa shaxsga berishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat organi yoki boshqa yuridik shaxs umumiy mulk bo‘lgan uy-joy (xonadon)dagi o‘z ulushini sotgan vaqtida uyning (xonadonning) tegishli qismida ijaraga oluvchilar sifatida yashayotgan shaxslar ushbu modda qoidalari asosida imtiyozli sotib olish huquqiga ega bo‘ladilar, ular bu huquqdan voz kechsalar yoki uni amalga oshirmasalar — boshqa mulkdorlar bu huquqqa ega bo‘ladilar.

Ushbu moddaning qoidalari ayirboshlash shartnomasi bo‘yicha ulushni boshqa shaxsga berish chog‘ida ham qo‘llaniladi.

Ushbu moddaga ko‘ra, agar umumiy mol-mulkdagi bir sherik o‘zining ulushini boshqa shaxslarga sotmoqchi bo‘lsa, u avvalo, bu haqda boshqa sheriklarga yozma shaklda ma’lum qilishi kerak. Bunda boshqa sheriklarda ulushni birinchi bo‘lib sotib olish uchun imtiyoz paydo bo‘ladi.  

Agar boshqa sheriklar o‘z imtiyozlaridan foydalanmasalar yoki tegishli muddatda sotib olish huquqini amalga oshirmasalar, ulushini sotmoqchi bo‘lgan sherik o‘z ulushini boshqa shaxslarga sotishga haqli bo‘ladi.

Tushunish oson bo‘lishi uchun misol ko‘raylik: Omina mulkning 1/2ga (50 foiz), Dilshod 1/4 ga (25 foiz), Rustam 1/4ga (25 foiz) nisbatan umumiy mulk huquqiga ega. Rustam ushbu umumiy mulkidan bo‘lgan o‘z ulushini sotmoqchi. Bunday holatda u birinchi bo‘lib bu haqida Omina va Dilshodga yozma xabar qiladi. Chunki ular umumiy mulkning boshqa sheriklaridir. Omina va Dilshod bu holatda ulushni birinchi sotib olish huquqiga ega shaxslar hisoblanadilar.

Mana shu holat umumiy mulkka nisbatan imtiyozli sotib olish huquqi hisoblanadi.

Yodda tushish kerakki, ushbu imtiyoz umumiy mulkdagi sheriklargagina beriladi.

Gulnoza Boboyeva,

O‘zA