O‘zbekiston xalq artisti Hamza Umarov betakror ovoz, kino va teatrda mukammal ijro, ulkan mahorat sohibi edi. Shu sababli u hamon xalqimiz qalbida, yodida yashamoqda. Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston xalq artisti Hamza Umarov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Aytish kerakki, Hamza Umarovning faoliyati bevosita mazkur teatr jamoasi bilan bog‘liq.
San’atkor 1925 yilning 17 dekabrida Qo‘qon shahrida tavallud topgan. Uning teatr, kino, dublyaj san’ati rivojiga qo‘shgan hissasi benihoya katta ekanini xalqimiz yaxshi biladi, ustoz san’atkorning o‘lmas ijrolarini yuksak qadrlaydi.

Ustoz san’atkorning milliy kinematografiya, teatr, televizion teatrda yaratgan ko‘plab rollari betakrorligi, tabiiyligi, jozibasi bilan ajralib turadi. Ayni paytda hali-hanuz milliy san’atimizda Hamza Umarovdek o‘ziga xos jarangdor va o‘ktam ovoz sohibi chiqmagani san’atkor iste’dodining nechog‘li ulkanligidan darak beradi.
U “O‘tkan kunlar”, “Mahallada duv-duv gap”, “Ulug‘bek yulduzi”, “Dahoning yoshligi”, “Shum bola”, “Chinor ostidagi duel” kabi ellikdan ortiq kinofilmda bir-biriga o‘xshamas rollarni ijro etgan. Ayni paytda Hamza Umarov Muqimiy teatrida 100 dan ortiq spektaklda rol ijro etgan. Ustoz san’atkorning o‘zi ham pesalar yaratib, ularni sahnalashtirishda jonbozlik ko‘rsatgan.
– Ustoz san’atkor bizning teatrda – O‘zbek Milliy akademik drama teatrida ham bir necha spektakllarda ishtirok etganlar, – dedi O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova. – Ularning mukammal ijrosi, sahnaga, tomoshabinga cheksiz hurmati va mehr-muhabbati biz uchun katta va ibratli maktab bo‘lgan.
– Dadam “Haqiqiy san’atkor umrini, hayotini, borlig‘ini san’atga rostmana bag‘ishlagan insondir”, deb ko‘p ta’kidlardilar, – dedi Hamza Umarovning o‘g‘li Shuhrat aka. – Ularning o‘zlari ham shu so‘zlarga sodiq qolgan ijodkor edilar. Ularning biron bo‘sh daqiqalari bo‘lganini sira eslolmayman. Doim sahna asarlari, kino, dublyaj, radiospektakllar bilan band edilar. Mashinani tuzata turib yoki uyda biron yumush bajarish paytida ham yangi spektakl yoki film qahramonlarining so‘zlarini yodlash, takrorlash bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Sahnani yuksak deb bilardilar, tomoshabinni, san’atni esa undan ham yuksak, deb bilib, cheksiz hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘lardilar.
Xotira kechasida Hamza Umarov yaratgan filmlardan lavhalar namoyish etildi. San’at darg‘asi ijro etgan ariya va duetlardan namunalar yangradi. Ijodkor ziyolilar Hamza Umarov haqidagi yorqin xotiralarni yodga oldilar.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri