Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Qurbon hayiti kunlarida turli tashkilot va muassasalar mutasaddilari faxriy va nuroniylar holidan xabar olmoqda.
Ana shunday ezgu aksiya Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi vakillari tomonidan amalga oshirildi.

Aslida kutubxonada yaxshilikni, ma’rifatni, bilim va nurni, kitoblarni barcha moddiy boyliklaridan ustun biluvchi, haqiqiy ma’nodagi fidoyi, sadoqatli odamlar mehnat qiladi. Ular doim ko‘makka shay, o‘zgalarga yaxshilik qilishdan zavqlana oladigan, tom ma’nodagi qalbi, ruhi go‘zal insonlardir.
Milliy kutubxonada ham hayotini shu sohaga bag‘ishlaganidan afsuslanmaydigan, umrini kitoblarga bag‘ishlagan mutaxassislar ko‘pchilikni tashkil etadi. Ularning ayrimlari hozirda keksalik gashtini surmoqda.

Qurbon xayiti arafasida keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida uzoq yillar faoliyat yuritgan va hozirda nafaqada bo‘lgan bir guruh mehnat faxriylari holidan xabar olindi.
Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish – xalqimizga xos ezgu fazilat.

Sohada uzoq yillar xizmat qilgan faxriylar yoshlarga o‘zlari xizmat qilgan davri haqida so‘zlab berdi, hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi. Sohaning yetuk kadrlari bo‘lib yetishishda o‘zlarining beminnat maslahatlarini berdi. Yosh kutubxonachilarga ustoz bo‘lgan bu nuroniylar doim e’zoz va e’tiborda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri